Amaldorlarning har biriga 5 tadan sharoiti eng og‘ir oila biriktiriladi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
11 Sentabr
6192O‘zbekistonda respublika darajasidagi 250 nafar amaldorga eng og‘ir 1000 ta mahalla bog‘lab beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 sentyabr kuni mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Tuman hokimlari, sektor rahbarlari kambag‘al oilalar xonadoniga kirib, bu yerdagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsagina natija bo‘ladi. Odamlarga qancha yordam bermaylik, mahallalar sharoitini yaxshilamasak, kambag‘allik qisqarmaydi”, degan Mirziyoyev.
Shu sababli, 2025 yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan 1,6 milliard dollar ajratiladi. Bu mablag‘larning 1,2 trillion so‘mi, avvalo, eng og‘ir 300 ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari o‘rnatishga beriladi. Yana 2 trillion so‘m hisobidan eng og‘ir 500 ta mahallada elektr, yo‘l, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi.
Bu ishlarni amalga oshirish uchun vazirlar, o‘rinbosarlari va maslahatchilari, boshqarma boshliqlaridan iborat 250 nafar rahbarga eng og‘ir mingta mahalla bog‘lab beriladi. Shuningdek, viloyatdagi 2 ming va tumandagi 12 ming nafar rahbarning har biriga 5 tadan sharoiti eng og‘ir oila biriktiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratilishi ma’lum qilingandi. Kambag‘al oilalar farzandlarini bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohlarda sifatli ta’lim olishini tashkil qilish, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.
LiveBarchasi