“Amal hech kimga nikohlab berilmagan”. Zoyir Mirzayev 47 nafar rahbarni ishdan oldi
Jamiyat
−
22 Sentabr 2023
16192Toshkent viloyatining Qibray tumanida 47 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qibray tumani hokimligidagi ma’naviy muhit, ijro apparati faoliyatini tubdan yaxshilash maqsadida, kadrlar bilan ishlashning “Qibray tajribasi” joriy qilingan. Shunga ko‘ra, maxsus ishchi guruh Qibray tumanida 20 kun mobaynida hokimlik hamda korxona va tashkilotlardagi rahbar hodimlarning faoliyatini to‘liq o‘rganib, lavozimiga “noloyiq” deb topilgan kadrlarni almashtirish to‘g‘risida viloyat hokimligiga tavsiya xatini kiritgan.
“Bugungi kunda, 64 nafar tuman hokimligi, korxona va tashkilotlardagi rahbar xodimlardan 47 nafari lavozimidan ozod etilib, ularning o‘rniga yosh, salohiyatli kadrlar tayinlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, 17 nafar rahbar kadrlar tuman hokimining kafolati asosida, sinov muddati bilan lavozimida qoldirilgan.
Bundan tashqari, tuman hokimligida ishlab kelayotgan 19 nafar rahbar kadrlar egallab turgan lavozimidan ozod qilinib, 10 nafari ish joyida sinov muddati bilan qoldirilgan. Ayni kunlarda qolgan lavozimlarga munosib nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda.
“Amal hech kimga nikohlab berilmagan, men ketsam ish to‘xtab qoladi, degan odam xato qiladi. Men ertaga bu uchrashuv videosini ijtimoiy tarmoqda e’lon qilaman", deydi Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 avgust kuni Xalq deputatlari Qibray tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qibray tumani hokimi o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislarini vazifasidan ozod qilgandi. U xodimlarni “toza chiqsa”gina faoliyatini davom ettirishini bildirgandi.