“Toza” chiqsa, faoliyatini davom ettiradi”. Zoyir Mirzayev Qibraydagi rahbarlarni yoppasiga ishdan oldi

Jamiyat

image

Kecha, 17 avgust kuni Xalq deputatlari Qibray tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qibray tumani hokimi o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislarini vazifasidan ozod qildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, sessiya kun tartibiga tashkiliy masala kiritilgan. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ushbu yig‘ilishda tahliliy nutq so‘zlab, tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga doir dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tgan.

U sessiyada tumanda qariyb 20 ming nafar fuqaro mehnat migranti sifatida xorijda bo‘lib turgani, bu Qibray uchun yarashmaydigan holat ekanini aytib o‘tgan.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanda olti oy yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari, o‘tgan yilga solishtirganda, ishlab chiqarish hajmi o‘zgarmagan, aksincha 8 ta korxona o‘z faoliyatini to‘xtagan.

KPI tizimi bo‘yicha tuman mahallaridagi hokim yordamchilari umumiy 76 ball olgan, bu ko‘rsatkich viloyatda 13-o‘rin hisoblanadi.

“Keyingi ikki yilda tumanda ishlayotgan 7 ta eksportyor korxona boshqa tumanlarga hisob raqamini ko‘chirib olib ketgan. Demak, ular bu yerdagi mutasaddilar bilan ishlashni xohlamagan. Qibrayda qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida juda ko‘p qonunbuzarlik, boshboshdoqlik bor. Buni tartibga solish vaqti keldi”, deydi Mirzayev.

Shuningdek, sessiyada Qibray tumanida yashirin iqtisodiyotga qarshi keskin kurashish kerakligi, shu maqsadda tuman hokimi raisligida maxsus ishchi guruh tuzish lozimligi aytib o‘tilgan.

“Qibray tumani hokimining o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislari bugundan boshlab vazifasidan ozod qilinadi. Ularning faoliyatiga huquqiy baho beriladi, “toza” chiqsa, keyin ishini davom ettiradi”, deydi Zoyir Mirzayev.

Bundan tashqari, Qibray tumanidagi barcha davlat tashkilotlarining rahbarlari, huquq-tartibot idoralari bundan istisno, lavozimidan ozod qilinadi. Ularning faoliyatiga ham bir hafta ichida baho beriladi.

“Kadrlar bilan ishlashning “Qibray tajribasi” joriy qilinadi. Bo‘shagan o‘rinlarga, tuman tashkilotlariga tanlov asosida yoppasiga yoshlar ishga olinadi. Qibrayga shu tariqa “yangi qon” quyilmasa bo‘lmaydi”, deydi hokim.

Ushbu sessiyada Zoyir Mirzayev bugungi kunda  Qibrayda 4 ming nafar bola uchun bog‘chada joy yo‘qligi, maktabgacha ta’limga bor-yo‘g‘i qamrov 67 foizligini  tanqid qilgan. 

“Tumandagi 16 ta mahallada bittayam bog‘cha yo‘q. Masalan, “Qurilish”, “May”, “O‘nqo‘rg‘on”, “Uymovut” singari mahallalarda bolalar uchun bog‘cha umuman yo‘q! Tumanda murojaatlar bilan ishlash ayanchli. 1697 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan atigi 8 foizi ijobiy hal etilgan, xolos. 8 ta qabul, 128 ta fuqaro. Ya’ni bitta qabulda o‘rtacha 4 ta fuqaro qatnashgan. Hokim qabul o‘tkazsa, 4 nafar fuqaro kelibdi. Kim ishonadi bunga? Ko‘zbo‘yamachilikku bu?! Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek, investitsiya, sanoat sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari bois, davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, hokim Mira’zam Mirqosimov lavozimidan ozod qilingan edi”, deydi Mirzayev.


Maqola muallifi

Teglar

Zoyir Mirzaev Qibray

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing