Ohangaron tumani hokimi ham ishdan olindi
Jamiyat
−
09 dekabr 3020 1 daqiqa
Bugun, 9 dekabr kuni Xalq deputatlari Ohangaron tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda tumanga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Sessiyada Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar yuzasidan ma’ruza qildi. So‘ngra sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.
Tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Doniyor Madirimov vazifasidan ozod qilindi. U 2024 yilning may oyida ushbu lavozimda ish boshlagandi.
Zoyir Mirzayev Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan va Prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli qarori bilan 2025 yil 9 dekabr kuni lavozimidan ozod etilgan Bahromjon To‘rayevich Norqobilov nomzodini Ohangaron tumani hokimi lavozimiga tavsiya qildi. Xalq deputatlari tuman kengashi uni tuman hokimi etib tasdiqladi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining yozishicha, sessiyada Prezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Po‘lat Bobojonov ham ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, Bahromjon Norqobilov 1973 yilda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tug‘ilgan. U 2020 yil 24 yanvardan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi. 2024 yil 24 avgustda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 noyabr kuni Ohangaron shahrida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida shahar hokimi ham ishdan olingandi.