Xovos tumani hokimi ishdan olindi
Jamiyat
−
09 dekabr 3998 2 daqiqa
Bugun, 9 dekabr kuni Xovos tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi va unda tumanga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Sessiya ishida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham ishtirok etdi. Turdimov o‘z nutqida tumanda bir qator muhim yo‘nalishlarda jiddiy qoloqlik va sustkashlik holatlari mavjudligini keskin tanqid qildi. Kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini oshirish, investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalda yo‘lga qo‘yish, eksport hajmini ko‘paytirish kabi ustuvor masalalarda tuman birinchi rahbarining tashabbusi, mas’uliyati va talabchanligi yetarli darajada emasligini bildirdi.
Shu bois, tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. U 2023 yil 7 avgustdan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi. Yo‘ldoshevga yaqinda tumandagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilgani ortidan “hayfsan” intizomiy jazosi berilgandi.
Xovos tumaniga Qomus Mirovich Yo‘ldoshev hokim etib tayinlandi. U tayinlovga qadar Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.

Ma’lumot uchun, Qomus Yo‘ldoshev 1983 yilda Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida tug‘ilgan. 2004 yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini tamomlagan.
Eslatib o‘tamiz, Xovos tumanining Ulug‘bek Yo‘ldoshevdan oldingi sobiq hokimi Uchqun Kamolov 2023 yil 7 avgustda lavozimidan olinganidan ko‘p o‘tmay, 2023 yil 18 sentyabr kuni qamoqqa olingandi va jinoiy javobgarlikka tortilgandi.
Live
Barchasi