Alohida kompaniyalarga berilgan monopol huquq va imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilamiz – Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qat’iy davom ettiradi. Alohida kompaniyalarga berilgan monopol huquq va imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilib, barchaga teng huquqlar berilishi ta’minlanadi. Bu haqda bugun, 31 avgust kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘z ochdi.

“Biz Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Alohida kompaniyalarga berilgan monopol huquq va imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilib, barchaga teng huquqlar berilishini ta’minlaymiz”, deydi Prezident.

Mirziyoyevning aytishicha, joriy yilda energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temir yo‘l va aeroport xizmati sohalarida 17 turdagi davlat monopoliyasini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Prezident bu ishlarni davom ettirib, mamlakatni xalqaro savdo makonining ajralmas qismiga albatta aylantirishini aytdi.

“Yana bir dolzarb masala – aholini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlashdir. Biz bu borada tadbirkorlarimizga tayanamiz. Shu bois, ularni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytiramiz.

Tadbirkorlar bilan har yili yuzma-yuz muloqot qilmoqdamiz. Ularni qiynayotgan muammolarga yechim topib, sohani qo‘llab-quvvatlash uchun tegishli qarorlar qabul qilyapmiz.

Zamonning o‘zi tadbirkorlarimizdan keng miqyosda fikrlab ish yuritishni, jahon bozorlarida raqobatdosh mahsulot yaratishni talab etmoqda.

Bu yo‘lda ularga omad va yutuqlar tilaymiz”, deydi Prezident.

Shuningdek, u mamlakatda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini aytdi.

“Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash, ularning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga bundan buyon ham ulkan e’tibor qaratamiz. Lekin tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi bo‘lishi shart. Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir!” deydi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing