Almazbek Atamboyev qamoqxonada kitob yozdi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasining sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev kitob yozdi. Kitob “Bolalikning sehrli bog‘lari” deb nomlangan va chop etilgan. Bu haqda sobiq Prezidentning tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xabar qoldirmoqda. 

Temirlan Sultonbekovning yozishicha, Atamboyev birinchi hikoyasini qamoqxonada yozgan. Yaqinda kitob sotuvga chiqariladi.

“Bolalik – bu insonning qalbi atrofdagi hamma narsaga ochiq bo‘lgan sehrli davr. Bizning xotiralarimiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ba’zan ortga boqib, ularga ongli qarash muhim ahamiyatga ega. “Bolalikning sehrli bog‘lari” – bu Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning birinchi hikoyasidir. Nostalji va lirik, latifalarga to‘la va ayni paytda jiddiy bo‘lgan kitob o‘quvchini xotiralarning iliq qirg‘og‘iga olib boradi va shovqin-suronda hayot lahzalarini yo‘qotmaslik, har bir daqiqani qadrlash va mo‘’jizaga ishonish to‘g‘risida ko‘rsatma beradi”,  deb yozgan Sultonbekov.

Almazbek Atamboyev bungacha she’rlar yozgan, qo‘shiqlar kuylagan. U Prezidentlik davrida bir necha qo‘shiqlarini jamlab, audioalbomini ham chiqargan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilning 31 dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov hibsxonasidan Bishkekdagi 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga o‘tkazildi.

Atamboyev nimada ayblangandi?

2006 yilda “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev Bishkek atrofidagi koloniyalardan birida tartibsizliklar keltirib chiqargani uchun 16 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. To‘polon paytida deputat Tinishbek Akmatbayev, jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki a’zosi o‘ldirilgandi.

2013 yilda Batukayev qamoqdan tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra ozod qilingan. Xulosaga ko‘ra, Batukayevga qon saratonining so‘nggi bosqichi tashxisi qo‘yilgan. U qamoqdan chiqish bilan darhol tarixiy Vatani Chechenistonga uchib ketgan. Tez orada tibbiy hujjatlar soxta ekanligi aniq bo‘lgan, ammo Qirg‘iziston hukumati Batukayevni ortga qaytara olmagan.

Batukayevning ozod qilinishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yakunida Atamboyev 11 yillik qamoq jazosini olgandi. Avgust oyida Bishkek shahar sudining hay’ati ushbu hukmni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, bu ishda sobiq Prezidentdan tashqari yana uch kishi – shifokor Abduhalim Raimjonov, sobiq bosh prokuror Indira Joldubayeva va Jazoni ijro etish davlat xizmati boshlig‘ining sobiq maslahatchisi Kalibek Kachkinaliyev ishtirok etgan.

Sobiq maslahatchi hibsda saqlangani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan. Joldubayeva 5 million som (66,7 ming dollar) jarimaga tortilgan. Shifokor esa jinoyatning muddati o‘tganligi tufayli jazodan qutulib qolgan.

Qirg‘izistonda joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin boshlangan norozilik namoyishlari vaqtida odamlar Atamboyevni qamoqdan ozod qildi. Ammo u keyinroq Bishkekda namoyish uyushtirishda aylanib, yana hibsga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Almazbek Atamboev

Baholaganlar

210

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing