Allamjonovga suiqasd ishi. O‘zbekiston ikki rossiyalikni Interpol qidiruviga berdi
3-sahifa
−
14:07
12230O‘zbekiston tomonidan ikki nafar Rossiya fuqarosi Bislan Rasayev va Shamil Temirxonov Interpol qidiruviga berildi. Buni QALAMPIR.UZ’ning huquq-tartibot idoralaridagi manbasi tasdiqladi.
Interpol saytida Rasayev va Temirxonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241- (Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish), 246- (Kontrabanda) va 248- (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanayotganini ko‘rish mumkin.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilishga aloqadorlikda gumonlangan Javlon Yunusov ham Interpol qidiruviga berilgan va Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi. Shuningdek, shu ishga aloqadorligi sabab qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borilgan.
QALAMPIR.UZ manbasi hozirda Interpol qidiruviga berilgan Bislan Risayev va Shamil Temirxonov ham Allamjonovga suiqasdga aloqadorligini na tasdidladi va na rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasdda qo‘li borligi haqida xabarlarni rad etib, buni provokatsiya deb atagandi.
“O‘zbekistonda bir necha hafta oldin mamlakat Prezidenti ma’muriyatining sobiq xodimi bo‘lgan mashinaga qarata o‘q uzilgan edi. Hech kim jabrlanmadi. Gumonlanuvchilardan biri allaqachon hibsga olingan, tergov barcha ishtirokchilarni va suiqasd sabablarini aniqlashi kerak. Biroq natijalarni kutmasdan, g‘arbparast va ba’zi muxolifat OAVlari "chechen izi" haqidagi versiyani chiqardi va keyin bu izni butunlay menga ulashdi. Men bu provokatsion narsalarga javob bermayman. Qolaversa, O‘zbekistonda muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli barcha sohalar, jumladan, axborot va huquq-tartibot tizimidagi ishlar a’lo darajada. Men shuni qo‘shimcha qilamanki, agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtirgan bo‘lsam, uni oxirigacha va 100% natija qilaman. Qanday bo‘lmasin, men va O‘zbekistondagi aziz birodarlarim bu provokatsion ma’lumotlar chiqindisi ortida kim turganini aniq bilib olamiz. Bu borada ish allaqachon boshlab yuborilgan”, deydi Ramzan Qodirov.
Allamjonovga suiqasd
26 oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.
Prezident Administratsiyasi mulozimi darajasidagi odamga suiqasd O‘zbekistonning yaqin 25-30 yillik tarixida ko‘zga ko‘rinmagan, quloq bilan eshitilmagan holat bo‘ldi. Bu ish ko‘pchilikda xavotir ham uyg‘otdi. Kuni kecha, 2019 yildan beri O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida ishlab kelayotgan, general-leytenant Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Halimjonovich Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Akramovich Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan polkovnik Alijon G‘aniyevich Ashurov, O‘zbekiston Bosh vazirining yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Sarvar G‘aniyevich Ashurovlarning lavozimidan ozod qilinishi aynan sobiq administratsiya mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasd va bu ishning tergovi bilan bog‘lanmoqda. Albatta, yuqorida nomini sanaganimiz qudratli kursilardan olingan shaxslarning nima uchun ishdan olingani haqida aniq gap aytilganicha yo‘q. Qolaversa, bu ishlar Allamjonov bilan bog‘liqmi yo‘qmi degan savolga aniq va rasmiy javob berilmadi. Ammo Allamjonov voqeasiga oid shu vaqtgacha tarqalayotgan norasmiy xabarlar sekin-asta o‘z tasdig‘ini topmoqda.