Allamjonov xavotirda! E’tirozlar 5 karra ko‘paygan

Jamiyat

image

Oxirgi ikki yilda O‘zbekistondagi davlat va nodavlat telekanallarda yana turk seriallari va filmlari soni ortdi. Albatta, ular orasida yaxshi filmlar ham bor, ammo Turkiyada ham qattiq tanqidlarga uchragan, turk millatining ma’naviy obro‘siga dog‘ tushirgan arzon film va seriallar aynan o‘zbek telekanallarida namoyish etilmoqda. Bu tomoshabinning talabi, deb o‘ylaysizmi? Albatta, yo‘q. Bu kanallar rahbariyatining tanlovi, mashhurlik va mo‘may daromad ilinji. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov agentlikka tomoshabinlar tomonidan telekanallarda namoyish etilayotgan turk seriallaridan ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganini ma’lum qildi. 

“So‘nggi vaqtlarda mamlakat fuqarolarining nodavlat telekanallar efirida namoyish etilayotgan xorijiy, asosan turk seriallaridan noroziligi ortib borishi kuzatilmoqda va Agentlikka kelib tushgan murojaatlariga ko‘ra, ushbu seriallar ko‘p hollarda o‘zbek xalqining milliy udum va an’analariga, shuningdek milliy o‘zligimizga ma’no va mazmun jihatdan mos kelmaydi. Agentlikka fuqarolarimizdan shu yilning faqatgina besh oyida kelib tushgan murojaat va shikoyatlar soni o‘tgan yil davomida kelib tushgan jami murojaatlar soni bilan taqqoslaganda 5 marta ko‘paygan”.

Ma’lumki, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tele- va radiokanallar, gazeta va jurnallar,  internet-nashrlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan ro‘yxatdan o‘tadi va mamlakatdagi mavjud qonunlarga rioya qilgan holda faoliyatini tashkil etadi. Allamjonovga ko‘ra, telekanallar seriallar, qimmatbaho sovg‘alar va pullik mukofotlarga boy teleo‘yinlarni namoyish etishda kimo‘zarga berilib, qonunlarni, litsenziya talablarini bajarishni unutyapti. 

“Nodavlat telekanallarda mahsulot va xizmatlar savdosini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan, pul va boshqa ko‘rinishidagi sovg‘alar o‘ynaladigan ko‘rsatuvlar soni ko‘payib bormoqda. Nodavlat telekanallar ko‘rsatuvlar setkasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, telekanallar tizimli ravishda Litsenziya kelishuvi talablarini buzib kelmoqda.

Yuqorida keltirilgan holatlar bizda asosli xavotirlar uyg‘otmoqda”, deydi Allamjonov.

Komiljon Allamjonov o‘z so‘zini yakunlarkan, agentlik doimiy ravishda yordamga tayyor ekanini aytib, OAVni qonuniy tarzda faoliyat yuritishga chaqirdi.

“Agentlik respublika hududida qonun doirasida faoliyat olib borayotgan barcha – ham davlat, ham nodavlat ommaviy axborot vositalariga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildiradi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston axborot bozori sub’ektlarini o‘z faoliyatlarini amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqchimiz”. 

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda O‘zbekistondagi “Zo‘r”, “Sevimli”, “Milliy”, telekanallari turk seriallarini namoyish etishda peshqadam bo‘lib kelmoqda. MY5 telekanali esa boshqa kanallardan farqli o‘laroq “Jurnalist” seriali bilan tomoshabin e’tiborini qarata oldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov

Baholaganlar

85

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing