Aliyev Pashinyan bilan muzokaralar samarali o‘tganini aytdi

Olam

image

Avvalroq, joriy yilning 14 dekabr kuni Belgiyaning Bryussel shahrida Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel tashabbusi bilan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilgani haqida xabar qilgandik. 

Ozarbayjon Prezidenti besh soat davom etgan bu muzokaralarni konstruktiv deya baholadi. Bu haqda Ilhom Aliyev Yevropa Ittifoqining Sharqiy hamkorlikning VI sammitidagi nutqi chog‘ida aytib o‘tdi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Yevropa Ittifoqi Kengashi rahbariga mintaqaviy muammolarga doimiy e’tibor qaratayotgani, ushbu jarayonlarga qo‘shgan hissasi va ularni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shuningdek, u Sharl Mishel tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu muzokaralarda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport infratuzilmasini, xususan, temir yo‘l liniyasini yotqizish kabi masalalar muhokama qilinganini hamda yakun juda samarali va puxta bo‘lganini ta’kidlagan.

Ozarbayjon rahbari YeXHT Minsk guruhi bilan 28 yildan beri olib borilgan muzokaralarda hech qanday natijaga erishilmaganini va u Ozarbayjon Minsk guruhidan yangi geosiyosiy voqelikka mos javob kutayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan Ozarbayjon tomoni Minsk guruhi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik bitimini tayyorlash, chegaralarni delimitatsiya qilish, odamlar o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishga yordam berishi mumkinligiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, Prizedent Ilhom Aliyev Ozarbayjonning bosqindan ozod qilingan hududlaridagi minalar muammosiga to‘xtalib, bundan mamlakatning tinch aholisi aziyat chekayotganini va shu kungacha 200 ga yaqin kishi mina portlashi oqibatida halok bo‘lganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, u Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarning minalar muammosini bartaraf etish uchun Ozarbayjonga texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatishining ahamiyatini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Aliyev 2018 yilda Yevropa Ittifoqi va Ozarbayjon o‘rtasidagi “Hamkorlik ustuvorliklari” hujjatining ahamiyatiga ham to‘xtalib, ular o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasi bo‘yicha ishlarning 90 foizi yakunlanganini hamda hujjatning qolgan qismi bo‘yicha ishlarning Ozarbayjonda o‘tkazilishiga umid bildirdi.

Davlat rahbari Yevropa Ittifoqi va Ozarbayjon o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlik strategik sheriklik xususiyatiga ega ekanini ham ta’kidladi.

Qorabog‘ mojarosi

2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi.  

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi. 

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi. 

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.

Ozoda Choriyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Pashinyan

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing