Aliyev og‘asi Erdo‘g‘anga maktub yo‘lladi
Olam
−
04 Oktabr 2020
13323Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga minnatdorlik maktubi yo‘lladi. Aliyev o‘z maktubida Erdo‘g‘anni “aka” deb unga hurmat ko‘rsatgan.
“Hurmatli janob Prezident, qadrdon akam, 27 sentyabr kuni Armaniston Ozarbayjonga qarshi navbatdagi harbiy provokatsiyani amalga oshirdi. Armaniston Qurolli kuchlari turli qurollar, jumladan, og‘ir artilleriyani qo‘llagan holda bizning aholi punktlari va harbiy pozitsiyalarimizga hujum qildi”, degan Aliyev yana bir bor bo‘lgan ishlarni yodga olib.
U bu hujumlar natijasida hozirgacha 19 nafar tinch aholi, jumladan, ikki bola halok bo‘lganini, 55 kishi yaralanganini aytgan va Ozarbayjon armiyasi qarshi hujumga o‘tganini qo‘shimcha qilgan.
Aliyevning ta’kidlashicha, Armaniston Ozarbayjonga qarshi birinchi marta harbiy tashviqotga qo‘l urmayapti.
“Iyul-avgust oylarida amalga oshirilgan harbiy provokatsiyalar, Ozarbayjonning bosib olingan yerlariga xorijliklarni joylashtirish Armaniston o‘zining tajovuzkor siyosatidan voz kechmaganini ko‘rsatdi. Armaniston rahbariyati o‘zining “Tog‘li Qorabog‘ – bu Armaniston va nuqta”, degan bayonoti bilan muzokaralar o‘tkazish mantiqsiz qilib qo‘ydi”, degan Aliyev Erdo‘g‘anga yo‘llagan xatida.
Aliyev Armanistonning Ozarbayjonga qarshi navbatdagi harbiy harakati boshlanishi bilan qardosh Turkiya Respublikasi bu tajovuzkor harakatni qoraladi.
“Sizning bu masalaga aloqador ochiq va qattiq bayonotlaringiz Ozarbayjon yolg‘iz emasligini ko‘rsatdi. Tegishli davlat idoralari rahbarlari, parlament a’zolari va Turkiya jamoatchiligi vakillari ham ushbu masalaga qat’iy va aniq munosabat bildirdi. Har kuni menga turk birodarlarimizdan ko‘plab qo‘llab-quvvatlash xatlari kelyapti”, deydi Aliyev Turkiyaning yordamiga yuqori baho berib.
Aliyev maktubi so‘ngida Erdo‘g‘anga salomatlik, ishlarida omad va Turkiya xalqiga abadiy tinchlik va rivojlanishni tilab qolgan.
Ma’lumot uchun, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida yarashuv jarayoniga boshchilik qiluvchi Minsk guruhii a’zolari AQSH, Rossiya va Fransiya 30 yildan beri bu masalani adolatli hal qilmaganini qoralagandi.
Ma’lumot uchun, rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
LiveBarchasi