Aliyev nabiralari uchun Trampdan hadya so‘radi (video)
Olam
−
09 avgust 13800 2 daqiqa
Kecha, 8 avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Vashingtonga tashrifi chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uydagi uchrashuvda hazilomuz suhbat o‘tkazdi. Aliyev suhbat chog‘ida Trampdan nabiralari uchun sovg‘a so‘radi.
Uchrashuv davomida Donald Tramp Ilhom Aliyevga unga atalgan sovg‘asi borligini aytgan.
“Sizga sovg‘am bor. Uni topshirmoqchiman. Sizga yoqishiga ishonaman”, degan u.
Ilhom Aliyev esa Trampga hazilomuz javob qaytargan.
“Mening to‘qqiz nabira bor. Agar imkon bo‘lsa, hammasini olardim”, degan Ozarbayjon yetakchisi.
Tramp bunga hayrat bilan javob bergan va Aliyevning nabiralariga ham tangalar berishini aytgan.
“Sizda 9 nabira bormi? Menga yana tangalar bering. Siz muzokaralarni juda yaxshi olib borasiz. Bu tangalar hammaga yoqadi. Bu dunyodagi eng yaxshi tanga, ehtimol eng qimmat tanga hamdir. Delegatsiya a’zolari kelsin va sizni suratga tushirsin”, degan AQSH yetakchisi.
Shundan so‘ng, Donald Tramp Ilhom Aliyevga Oq uyning ramziy kalitlarini ham taqdim etgan.
“Men sizga yana bir sovg‘a bermoqchiman. Bu Oq uyning ramziy kalitlari. Men ularni juda kam hollarda topshiraman”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Muloqot davomida Tramp Ozarbayjon rahbariga murojaat qilib, Ozarbayjon xalqi buyuk ekanini aytgan.
“Sizning xalqingiz buyuk. Shaxsan tanishishimizdan oldin ham siz men haqimda yaxshi so‘zlar aytgansiz. Hatto saylovdagi g‘alabamizdan oldin ham”, degan u.
Ilhom Aliyev bunga javob berib, Trampning so‘nggi bir necha oy ichida Osiyo, Afrika va Janubiy Kavkazga tinchlik olib kelganini e’tirof etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon va Armaniston AQSH vositachiligida Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagani xabar qilingandi.
Live
Barchasi