Aliyev Erdo‘g‘an va Putin bilan Qorabog‘dagi operatsiya haqida gaplashdi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev turkiyalik va rossiyalik mavqedoshlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Vladimir Putin bilan telefon orqali Qorabog‘dagi aksilterror choralarini yakunlash masalasini muhokama qildi. Bu haqda Ozarbayjon rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an bilan suhbat kecha, 20 sentyabr kuni Turkiya tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. Telefon muloqoti chog‘ida mahalliy aksilterror tadbirlarini yakunlash, Ozarbayjonning Qorabog‘ mintaqasida noqonuniy guruhlarni qurolsizlantirish yuzasidan fikr almashilgan.

“Davlat rahbarlari Ozarbayjon va Turkiya hamisha bir-biriga yaqin ekanini alohida ta’kidladi. Prezidentlar o‘zaro manfaatli masalalar, jumladan, bo‘lajak aloqalar va strategik ittifoqlar istiqbollari yuzasidan fikr almashdi”, deyiladi xabarda. 

Shundan so‘ng, Ozarbayjon tomonining tashabbusi bilan Ilhom Aliyev va Vladimir Putinning muloqoti tashkillashtirilgan.

“Ilhom Aliyev 20 sentyabr kuni Qorabog‘da Rossiya tinchlikparvar kontingenti (RMK) harbiy xizmatchilarining fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan uzr so‘radi va chuqur hamdardlik bildirdi. Voqea bo‘yicha chuqur tekshiruv o‘tkazilishi va barcha aybdorlar munosib jazolanishi ni ta’kidladi. Bu borada ikki davlat bosh prokuraturalari yaqindan aloqada. Ozarbayjon Prezidenti ham qurbonlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi Kreml xabarida.

Qayd etilishicha, Vladimir Putin Qorabog‘dagi arman aholisining huquqlari va xavfsizligini ta’minlash muhimligini aytgan. Ozarbayjon tomonining Rossiya tinchlikparvar kuchlari bilan ushbu masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga tayyorligi tasdiqlangan.

Muzokaralar yo‘lida 2020-2022 yillarda eng yuqori darajadagi taniqli uch tomonlama kelishuvlarga muvofiq, birinchi navbatda, transport aloqalarini blokdan chiqarish, Ozarbayjon-Armaniston chegarasini delimitatsiya qilish hamda Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasini tayyorlashga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Fransiya esa BMT Xavfsizlik kengashining Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilishini talab qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirdi. 20 sentyabrga kelib Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lum shartlari asosida aksilterror harakatlari to‘xtatilganini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Nikol Pashinya Armaniston xalqiga murojaat yo‘lladi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham o‘z xalqiga murojaat qilib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi “aksilterror operatsiyasi”ning vazifalari yakunlangani va mamlakat suvereniteti tiklanganini ma’lum qildi.
 
Bugun, 21 sentyabr kuni Qorabog‘ arman jamiyati vakillari Ozarbayjonning mas’ul vakili bilan uchrashish uchun Yevlax shahriga yetib keldi. U yerda Ozarbayjon hukumati vakillari va Qorabog‘ning arman aholisi o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Ozarbayjon Ilhom Aliev Putin Erdo'g'an Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing