Alisher Usmonov Putinning “hamtovog‘i”mi? Milliarder javob berdi

Olam

image

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Putin bilan aloqalari va Kremlning “maxsus vazifalari”ni bajarishi haqidagi savolga javob berdi. Bu haqda u Italiyaning “Corriere Della Sera” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi

Qayd etilishicha, jurnalist Alisher Usmonovga “Siz Putinning do‘stimisiz yoki yo‘q? Kreml ishonchli oligarxlariga ishonib topshirayotgan “maxsus vazifalar” sizga ham beriladimi?” qabilida savol bergan. Milliarder esa bunga javoban Rossiyada tadbirkorlar hukumatning topshiriqlarini bajarishi haqidagi gaplar yolg‘on ekanini aytgan. O‘zi esa hech qachon davlatdan shubhali yordamlar olmagani hamda doim shaffoflikda ishlaganini ta’kidlagan. 

“G‘arb jurnalistlari va siyosatchilari Rossiyani tadbirkorlar Kreml buyrug‘i bilan yuradigan davlat, deb hisoblashni yaxshi ko‘radilar. Lekin bu xato. Haqiqatan ham shunday deb o‘ylagan kishi Rossiya haqida hech narsani tushunmaydi. Oligarx yorlig‘iga kelsak... Men hech qachon xususiylashtirishda qatnashmaganman, davlatdan shubhali yordam olmaganman, doim bozor bahosida, shaffoflikda ishlaganman. Putinga kelsak, ha, u meni muvaffaqiyatlarim uchun bir necha bor mukofotlagan, lekin u buni hatto chet elliklar ham xuddi shu maqomga erishishni orzu qilgan yillarda amalga oshirgan. Nima? To‘satdan muvaffaqiyatga erishish jinoyatga aylandimi?”, deydi u. 

Alisher Usmonov, shuningdek, G‘arb sanksiyalari unga qanchalik ta’sir qilgani haqida ham gapirgan. Uning aytishicha, iqtisodiy choralar nafaqat unga, balki, u hissadori bo‘lgan kompaniyalar va ularning xodimlariga, uning xayriya loyihalaridan yordam olgan odamlar, jumladan, kasallar, muhtojlar va boshqalarga ham ta’sir qiladi. 

Milliarder “Ukrainani bosib olish to‘g‘rimi?”, degan savolga esa quyidagicha javob bergan: 

“Men siyosatdan uzoqman, odamlarni bo‘lish o‘rniga ularni birlashtira oladigan sohalarni afzal ko‘raman: sport, biznes, xayriya. Men Ukrainadagi harbiy harakatlar qurbonlarining barchasiga yaqinman. Umid qilamanki, bu fojiali mojaro tez orada tugaydi va diplomatiya nihoyat o‘z rolini o‘ynaydi. Biz tezda yo‘qolgan o‘zaro ishonchni tiklashimiz kerak. Hammasi istisnosiz: yevropaliklar ham shu jumladan”. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alisher Usmonov o‘zining Putinning odami ekani haqidagi da’volarni keskin rad etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing