Alisher Usmonov Putinning odamimi?
Olam
−
21 fevral 2023
19134Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Putinning yaqin odami ekanini keskin rad etdi. Bu haqda u Toshkentda Italiyaning “TGcom24” telekanali jurnalistiga bergan intervyusida gapirgan.
Usmonov telekanal jurnalistining Ukrainada urush boshlanganidan keyin Putinga yaqin oligarx sifatida Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lgani haqidagi savoliga quyidagicha javob qaytargan:
“Bu savol mening nafaqat oligarx, balki Putinning “sevimli” oligarxi ekanim haqidagi ayblovlarning ikkinchi qismidir. Menda hech qachon bunday aloqalar bo‘lmagan. Men Rossiyada 35 yildan ortiq vaqt davomida yashab keldim. Shu vaqt ichida men yosh talabadan mamlakatdagi eng muhim va badavlat ishbilarmonlardan biri bo‘lishga qadar uzoq yo‘lni bosib o‘tdim.”
Shuningdek, u O‘zbekistonni “vatanim”, deb atab, uning manfaatlarini ustun ko‘rishini ta’kidlagan.
“Ha, Rossiyada mening aktivlarim bor. Ha, men buni tan olaman, ha, men ham Rossiya fuqarosiman, lekin men o‘z Vatanimning manfaatlarini ko‘zlab yashayman. Men nafaqaga chiqdim, xayriya qilaman, investitsiyalarimdan dividendlar olaman. Barcha daromadlarini oxirgi tiyinigacha e’lon qilgan odamning aybi nima bo‘lishi mumkin?”
Shu tariqa rossiyalik milliarder Italiyani maqtab, Yevropa Ittifoqini esa keskin tanqid ostiga olgan.
“Yaxshiyamki, Italiyada hech bo‘lmaganda advokatlarimiz tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘qishadi. Ba’zi Yevropa mamlakatlarida hujjatlarni o‘qishni xohlashmaydi, lekin sizni aybdor deb aytishadi va tamom. Qolaversa, mening opa-singillarimga qarshi sanksiyalarga kelsak, ular butun umr O‘zbekistonda yashagan va hatto Rossiya Federatsiyasi bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Xudoga shukur, Yevropa rasmiylari allaqachon opa-singillarimdan biriga nisbatan berilgan sanksiyalarni bekor qildi. Ammo kurash hali tugamadi. Umid qilamanki, hech bo‘lmaganda sudda adolat hukm suradi, garchi men sud jarayonini xohlamadim va xohlamasam ham kerak”, degan Alisher Usmonov.
Ma’lumot uchun, Alisher Usmonov “Metalloinvest”, “Udokan mis” va “Megafon”ni o‘z ichiga olgan USM guruhining asoschisi va eng yirik aksiyadori hisoblanadi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiyaning eng boy milliarderlari ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egallaydi. Uning boyligini jurnal 11,5 milliard dollarga baholamoqda.
Biroq, o‘tgan 2022 yil Usmonov uchun ancha talofatli bo‘ldi. Milliarder 24 fevraldan beri Ukraina, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining sanksiya ro‘yxatiga kiritildi.
Noyabr oyida Germaniya hukumati uga tegishli deb hisoblangan, qiymati besh million yevro bo‘lgan 30 ta asl san’at asarlari jumladan rassom Mark Shagallning asarini musodara qilgan edi.
Bundan tashqari, mart oyida sanksiyaga uchragan uning 600 million dollarlik “Dilbar” yaxtasi ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli keyinroq tortib olingan.
Dekabr oyida esa Ukrainada rossiyalik oligarx Alisher Usmonov kompaniyasining 160 ming tonnadan ortiq qariyb 54 million dollarlik Ukraina temir rudasi saqlanayotgan yer osti omborlari hibsga olingani haqida xabar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alisher Usmonov O‘zbekistonga yordam berish, unga foyda keltirish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini, bu uchun korporativ aktivlar boshqaruvidan ketgani va hatto ko‘plab loyihalarda aksiyador sifatida ishtirokini yakunlaganini aytgan edi.