Alisher Usmonov Germaniyadagi sudda g‘alaba qozondi

Olam

image

Gamburg sudi Germaniyaning ARD telekanali tomonidan milliarder Alisher Usmonov haqida tarqatilgan xabarni haqiqatdan yiroq deb topdi.  Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, ARD telekanali Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) sudyalariga pora berish tizimini yaratganlikda ayblagandi.

“Sud ARD telekanali tomonidan e’lon qilingan ma’lumotni ishonchsiz deb topdi va bu ma’lumotni “shubhaga asoslangan nomaqbul xabar” sifatida tarqatishni taqiqladi. Sud taqiqi buzilgan taqdirda, qoidabuzar har bir epizod uchun 250 ming yevrogacha jarima yoki qamoq jazosiga hukm qilinadi”, deyiladi xabarda.

Alisher Usmonovning matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 2022-2024 yillarda Yevropaning bir qator OAV,  xususan Germaniya matbuoti birinchilardan bo‘lib, biznesmenga nisbatan o‘z ayblarini isbotlay olmaganliklarini tan olishgan va ularning noqonuniy tarqatilishini to‘xtatish bo‘yicha yozma majburiyatlarni imzolagan. Ayni paytda Usmonov foydasiga 30 ga yaqin shunday bayonotlar ma’lum qilingan. Sud jarayonlari natijasida tadbirkorning advokatlari Yevropa ommaviy axborot vositalari tomonidan yolg‘on ma’lumotlar tarqatilishiga qarshi ko‘plab ko‘rsatmalarga ega bo‘ldi.

“Eng muhimlaridan biri 2024 yil yanvarida Amerikaning “Forbes” jurnali tomonidan Usmonovga nisbatan qilingan bayonotlarni taqiqlash to‘g‘risidagi sud qarori bo‘ldi. Avvalroq Alisher Usmonov Avstriyaning “Kurier” gazetasiga qarshi sudda ham g‘alaba qozongandi”, deya ta’kidladi matbuot xizmati.

Sudga murojaat qilish sababi 2024 yil avgust oyida Germaniyaning ARD milliy kanali tomonidan efirga uzatilgan Parijdagi Olimpiya o‘yinlaridagi qilichbozlik haqidagi ikkita maqola va videoreportaj bo‘ldi. Ularda jurnalist Hans-Yoaxim Seppelt Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli 2022 yil boshida FIE prezidenti lavozimidan o‘z ixtiyori bilan ketgan Alisher Usmonovni ushbu sport turida “hakamlarga pora berish” tizimini yaratishda ayblagan. ARD telekanalining ayblovlari FIE rahbariyati tomonidan rasman rad etildi.

Matbuot xizmatining tushuntirishicha, Germaniyaning “Sport1.de” internet nashri va ARD’ning noto‘g‘ri bayonotlarini qayta nashr etgan Avstriyaning “Krone.at”  gazetasi Usmonovning advokatlari talabiga binoan o‘z materiallarini tuzatgan. Biroq ARD telekanali noaniq ma’lumotni ixtiyoriy ravishda tuzatishdan bosh tortdi.

“Shubhali guvohlar tomonidan tarqatilgan g‘iybat, uydirma, taxmin va mish-mishlardan boshqa hech qanday dalil yo‘q. Haqiqat, inson qadr-qimmatini hurmat qilish va ishonchli ma’lumotni tarqatish Germaniya jurnalistik etikasi kodeksining asosidir. Mazkur kodeks davlat teleradiokompaniyasi tomonidan qo‘pol ravishda buzilgan”, dedi sudda Usmonovning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Yoaxim Shtaynxofel.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing