Alisher Usmonov Germaniya nashri ustidan sudda g‘alaba qozondi 

Olam

image

Germaniyaning Gamburg yer sudi “Tagesspiegel” gazetasiga tadbirkor Alisher Usmonov haqida yolg‘on da’volarni tarqatishini taqiqladi. Bu haqda tadbirkor vakiliga tayanib, TASS xabar berdi.

2024 yil noyabr oyida “Tagesspiegel” gazetasida Andrey Popovning “Germaniyani sevuvchi va Putinning do‘sti: Rossiyalik oligarx Alisher Usmonov kim?” sarlavhali maqolasi chop etilgan. Ushbu material tadbirkorga qarshi ilgari ilgari surilgan ko‘plab ayblovlar va asossiz da’volarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, xususan, uning Germaniyada mulklari borligi haqidagi iddaolar ham mavjud bo‘lgan.

“Nashr Alisher Usmonovning advokatidan maktub olgach, maqolani o‘chirib tashladi, biroq undagi da’volarni tarqatishdan voz kechmadi. Shundan so‘ng, A. Usmonov Gamburg yer sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Sud uning dalillariga qo‘shildi va hatto og‘zaki tinglov o‘tkazmasdan uning foydasiga qaror chiqardi”, dedi tadbirkor vakili.

Xususan, sud “Tagesspiegel” nashriga Usmonov o‘z aktivlarini “nohalol yo‘l bilan” qo‘lga kiritganini da’vo qilishni taqiqladi. Tadbirkorning o‘zi bir necha bor davlat mulkini xususiylashtirishda qatnashmaganini, balki barcha aktivlarini ochiq bozor sharoitida, raqobat asosida sotib olganini ta’kidlab kelgan. Shuningdek, sud Usmonovga Tegernze ko‘lidagi ko‘chmas mulk hamda “Dilbar” yaxtasi tegishli ekanligi haqidagi da’volarni asossiz deb topdi va ularni tarqatishni man etdi. Bundan tashqari, sud “Tagesspiegel” gazetasining Usmonov “ko‘p yillar davomida Bavariyaning Rottax-Egern shahrida yashagan”, degan iddaosini ham shaxsiy daxlsizlik huquqlarining buzilishi va tasdiqlanmagan da’vo sifatida baholadi.

“Shunday qilib, sud “Tagesspiegel” nashriga Germaniya prokuraturasi tomonidan A. Usmonovga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarga asos bo‘luvchi ma’lumotlarni tarqatishni taqiqladi. Nemis prokuraturasi uch yildan beri hech qanday natijaga erisha olmay Usmonov go‘yoki Germaniyaning soliq rezidenti bo‘lib, tegishli soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblanayotganini isbotlashga urinmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan tadbirkor vakili.

Bundan tashqari, nemis sudi nashrga “Usmonov Frankfurt prokuraturasi tomonidan ilgari surilgan ayblovlardan millionlab yevrolik jarimalar va kompensatsiyalar to‘lash orqali qutulib qolgan”, degan da’volarni tarqatishni ham taqiqlagan. Avvalroq, Usmonovning advokatlari Frankfurt-Mayn Bosh prokuraturasi tadbirkorga qarshi jinoiy ishni Germaniya qonunchiligiga to‘liq muvofiq ravishda tugatgani va Usmonov hech qanday jarima yoki kompensatsiya to‘lamaganini, balki faqat ixtiyoriy ravishda xayriya mablag‘ ajratganini bildirgan. Sud qarorida “Tagesspiegel” boshqa axborot agentliklarining xabarlarini haqiqatga mosligini tekshirmasdan tarqatish huquqiga ega emasligi ham ta’kidlangan.

“Sud ushbu barcha da’volarni A. Usmonovning shaxsiy huquqlarini buzuvchi deb topdi, chunki ular faktlar sifatida taqdim etilgan bo‘lsa-da, javobgar (gazeta) ularning haqiqatligini isbotlay olmadi yoki hech qanday tasdiqlovchi dalillar keltirmadi”, deydi Usmonov vakili. 

Sud qarorini bajarmaganlik uchun gazetaga har bir holat uchun 250 ming yevrogacha jarima yoki olti oygacha ma’muriy hibs jazosi tayinlashi mumkin. Agar bu jazolar yig‘ilib borsa, nashr ikki yilgacha ma’muriy hibs bilan jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning avgust oyida Germaniyaning ARD telekanali Parij Olimpiadasidagi qilichbozlik haqida reportaj e’lon qilib, unda jurnalist milliarder Alisher Usmonovni hakamlarni sotib olishda ayblagan edi. Keyinchalik telekanal ushbu materialning haqiqatga zid ekanini tan olgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Alisher Usmonov “Tagesspiegel”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing