Alisher Usmonov biznesni tark etib, O‘zbekistonga qaytib keldimi?
Jamiyat
−
21 fevral 2023
27820Alisher Usmonov O‘zbekistonga yordam berish, unga foyda keltirish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini, bu uchun korporativ aktivlar boshqaruvidan ketgani va hatto ko‘plab loyihalarda aksiyador sifatida ishtirokini yakunlaganini aytdi. Bu haqda u Toshkentda Italiyaning “TGcom24” telekanali jurnalistlariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Nashrning yozishicha, Usmonov tug‘ilgan vataniga – O‘zbekistonga qaytib kelgan.
“O‘zbekistonga yordam berish, unga foyda keltirish uchun bor kuch-g‘ayrat va imkoniyatlarimni ishga solaman. Bu maqsad uchun men korporativ aktivlar boshqaruvidan ketdim va hatto ko‘plab loyihalarimda aksiyador sifatida ishtirokimni yakunladim”, dedi Usmonov.
USM xolding asoschisi va eng yirik aksiyadori Alisher Usmonov so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlarni sanab o‘tar ekan, 2016 yildan buyon o‘tgan davrga nisbatan “buyuk kelajakka umid belgisi” deya ta’rif bergan.
Bunga misol tariqasida esa milliarder O‘zbekistonning sarmoyaviy ochilishi va keng ko‘lamli islohotlar dasturini ko‘rsatgan.
Qayd etilishicha, shu vaqt ichida USM biznes tuzilmalari o‘zining yo‘nalishlariga, asosan telekommunikatsiya va IT sohalariga sarmoya kiritgan.
Qolaversa, u so‘nggi yillarda G‘arbning ko‘plab sanksiyalariga qaramay, O‘zbekistonda ish va xayriya loyihalarini amalga oshirishda davom etish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
Alisher Usmonov, shuningdek, Yevropa Ittifoqi uni oligarxlar qatorida tilga olishidan norozi ekanini bildirib, oligarxlar hokimiyat yordamida boylik orttirib, undan hukumatga ta’sir o‘tkazish uchun foydalanishini aytgan. O‘zbek millatiga mansub milliarderning aytishicha, unga nisbatan hech qanday qo‘llab-quvvatlov bo‘lmagan va barcha aktivlarni “bozor sharoitida” qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yil boshidan beri USM xolding asoschisi, rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning boyligi 1,06 milliard dollarga ko‘paygani e’lon qilingan edi.
LiveBarchasi