Alisher Sultonov yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
05 Sentabr 2020
26448O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Xudoyor Ahmedov salomatligi bilan bog‘liq muammolar sabab kursisini tark etdi. Uning o‘rnini Energetika vaziri Alisher Sultonov egalladi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Bugun, 5 sentyabr kuni ZOOM platformasida O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasining navbatdan tashqari onlayn hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Energetika vazirligi rahbariyati, Rowing&Canoe federatsiyasi Ijroqo‘m a’zolari va murabbiylar ishtirok etdi.
Tadbirda kun tartibiga qo‘yilgan asosiy masala federatsiya raisi Xudoyor Ahmedovning o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish, uning o‘rniga yangi rahbar va unga o‘rinbosarlar saylash, Ijroqo‘m tarkibini qayta ko‘rib chiqish bo‘ldi.
Yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan Xudoyor Ahmedovning arizasini qabul qilishdi. O‘z o‘rnida Xudoyor Ahmedov salomatligi bois federatsiya faoliyatini boshqarishga vaqt ajrata olmayotgani, ortda qolgan 2 yildan ko‘proq vaqt davomida olib borilgan hamjihatlikdagi ish uchun tashakkur aytib o‘tdi. Shundan so‘ng federatsiya raisligiga O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Saidabbosovich Sultonov nomzodi qo‘yildi. Yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan Alisher Sultonov nomzodini qabul qildi va Alisher Saidabbosovich O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasining yangi raisi etib saylandi.
Ma’lumot uchun, Alisher Sultanov 1967 yil 29 noyabr kuni tug‘ilgan. U 2017 yanvar – 2018 yanvar davri mobaynida Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, keyinchalik 2018 yil dekabr oyigacha Qo‘mita vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. Shuningdek, ma’lum muddat O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini boshqargan. Uzoq yillar davomida “O‘zbekneftgaz” boshqaruvida faoliyat olib borgan. “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.
LiveBarchasi