Alisher Sa’dullayev “itdek” ishlagani, uyini sotishi va poytaxtga kelishi haqida gapirdi (video)

Jamiyat

Alisher Sa’dullayev bu ism ko‘pchilik uchun tanish. U 23 yoshida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nazariga tushib, Xalq ta’limi vaziriga o‘rinbosar etib tayinlangan. Keyinroq esa O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisining o‘rinbosari bo‘ldi. Yaqinda esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan YOIni tark etgan Qahramon Quronboyev o‘rniga rais etib saylandi.

Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev rahbarligidagi tashkilotning asosiy vazifasi iqtidorli yoshlarni bir joyga yig‘ish ekanini ta’kidlab, tizimni o‘zgartirishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev unga qanday vazifalar toshirganini so‘zlab berdi.

“Atrofga kuchli, salohiyatli guruh tuzish kerak. Masalan, sizni ishga oldimmi (oldidagi talabalardan biriga) 20 nafar bolaga fikringizni o‘tkaza olishingiz kerak, bo‘lmasam bo‘lmaydi. Bu yerda o‘zbekistonning eng kuchli lokomotivlari bo‘lishi kerak. Lokomotiv bo‘lsagina orqadan ergashtirish mumkin. Biz ularni yig‘olmasak, bular bo‘lmaydi. Yoshlr ittifoqining funksiyasi nima – eng kuchlilarni yig‘ish. Prezidentning menga qo‘ygan vazifasi shu. Chekka qishloqdan bo‘lsa ham salohiyati bo‘lsa, kelsin ishlasin. Mana meni tanlab qo‘ydilar”, dedi Alisher Sa’dullayev.

YOI raisi so‘zida davom etib, istagan odam mehnat qilib, loyiha ishlab chiqib shunday lavozimda ishlashi mumkinligi katta baxt ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, shu yoshida katta muvaffaqiyatlarga erishgan Sa’dullayev o‘zining talabalik yillari haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi.

“Men o‘qishga kirishim uchun ota-onam yashab turgan uyimizni sotishgan va tog‘amning uyida turishgan. Lekin shuning uchun men “itdek” ishlaganman, o‘qiganman. Ota-onamning oldida qarzimni uzishim kerakligini bilganman. Ishlamasam, butun mahalla “mana o‘g‘lingni Toshkentda o‘qitding, nima bo‘ldi”, derdi. Menda ikkita variant bor edi. Jizzaxda qolib, Politexga kirib “moyka”da ishlash, ikkinchisi, filga o‘xshab ishlab, ichiga kirib, tizimni o‘zgartirib, “nomer odin” bo‘lish. Har doim oldimga qo‘yadigan bir prinsip bor, bizda ishlamaydi: nonvoymisan, tadbirkormisan eng zo‘ri bo‘l. Talabamisan – yorib chiq”, deb o‘z talabalik davrini xotirladi yosh rais.

Alisher Sa’dullayev iqtidorlarni yoshlarni yig‘ib olish ishonchning ortishiga olib kelshini ta’kidladi. Unga ko‘ra. Yoshlar ittifoqiga a’zo, a’zo emas, deb bo‘lmaydi. Hamma yoshlar tashkilotning a’zosi hisoblanadi. Sa’dullayev ko‘zi yetgan yoshlarni tashkilotda ishlashga chorladi. 

“O‘zingizning ustingizda ishlang, harakat qiling. Men o‘qigan vaqtimda, sizlarga o‘xshab kechalari ishlaganmiz. Osmondan tushmaganmiz, badavlat oilaning ham farzandi emasman. Otam o‘qituvchi, onam uy bekasi bo‘lgan. Toshkentga ko‘chib kelganda propiska, kunlik harajatlar degan muammosi bo‘lgan yoshlardanman. Lekin men ingliz tilidan dars berganman. Dars berganimda birgina – “nomer odin” bo‘lish kerak, degan maqsad bo‘lgan”, deydi Alisher Sa’dullayev o‘z talabalik yillarini hozirgi davr talabalari bilan solishtirib.


Maqola muallifi

Teglar

Yoshlar ittifoqi Alisher Sa'dullaev

Baholaganlar

552

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing