Alisher Qodirov rossiyalik deputatga javob qaytardi
Jamiyat
−
20 Oktabr
20080Avvalroq, Rossiyadagi “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” (SRZP) partiyasi raisi Sergey Mironov O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini Rossiyada urushga yollanmasligi haqidagi ogohlantirishiga qarshi chiqib, nega migrantlar ularni “boqayotgan” mamlakatni himoya qila olmasligini aytgandi va bunday migrantlar Rossiyaga kerak emasligini iddao qilgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Rossiyani Mironovning o‘zi va yaqinlari himoya qilishi lozimligini aytdi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
“O‘zbeklar barakali xalq, haqqini mehnat qilib topadi, odam o‘ldirib emas. Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham vatanni himoya qilishni o‘zbeklardek muqaddas burch deb hisoblaydilar?”, deb yozdi Qodirov.
Mironov o‘zbekistonlik migrantlarga viza rejimini joriy qilish kerakligi, bu bilan hammasi hal bo‘lishini ta’kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Qozon shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi fuqarolarni yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirgandi. Bosh konsulxona bayonotida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan shaxs xorijiy davlatning fuqaroligiga tegishli deb e’tirof etilmasligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilingan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bekor qilinishi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan, konsullik Jinoyat kodeksining 154-moddasiga (Yollanish) ko‘ra, xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini eslatib o‘tgandi.
LiveBarchasi