“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
01 mart 2022
64312022 yil 1 iyuldan Majburiy ijro byurosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etiladi va unga dastlab 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda bugun, 1 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, bugungi kunda 290 mingdan ziyod otalarga farzandlari uchun aliment to‘lash yuklangan. Lekin, ularning 172 ming nafari o‘z farzandi oldidagi majburiyatini bajarishdan bosh tortib kelmoqda.
"Oqibatda aliment bo‘yicha qarzdorlik 115 milliard so‘mdan oshib ketgan. Har bir viloyat hokimi o‘z raqamlarini biladi. Shu bois 2021 yili Xalq qabulxonalariga aliment bilan bog‘liq 70 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Bu borada Majburiy ijro byurosining faoliyati qoniqarsiz. Endi aliment to‘lovlarini kafolatli ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi", degan Prezident yig‘ilishda.
Ta’kidlanishicha, 2022 yil 1 iyuldan Majburiy ijro byurosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etiladi va unga dastlab 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Mazkur mablag‘lar uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan alimentlarni to‘lashga ajratiladi va keyinchalik byuro tomonidan undirib olinadi.