Aksilkorrupsiya ishga kirishdi! “Sevimli” atrofidagi manfaatlar to‘qnashuvi o‘rganilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani ehtimoli bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish boshladi. Bu haqda agentlik Matbuot kotibi Durdona Ochilova QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalining egalari – Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning o‘g‘li, qizi va rafiqasi ekani hamda bu telekanalning kamida uchta milliy serialida davlat buyurtmachisi – ayni Kinematografiya agentligi ekani aytilmoqda.

“Mazkur masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi izoh berishi so‘ralmoqda. Hozirda agentlik mas’ul xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan barcha holatlar bo‘yicha o‘rganish va surishtiruvlar olib borilayotganligini ma’lum qilamiz. O‘rganish yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalariga qo‘shimcha axborot beriladi”, deydi Durdona Ochilova.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi

Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan. 

20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi. 

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

212

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing