Aksariyat davlatlar o‘z suverenitetini himoya qilishga tayyor – Putin
Olam
−
15 avgust 2023
11980Aksariyat davlatlar o‘z suverenitetini himoya qilishga tayyor, butun dunyo hamjamiyati kelajak konturlarini yaratish uchun birgalikda harakat qilishi kerak. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 15 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha XI Moskva konferensiyasi ishtirokchilari va mehmonlariga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi.
“Biz ko‘p qutbli dunyo shakllanishi qanchalik izchil davom etayotganini ko‘rib turibmiz. Aksariyat davlatlar o‘z suvereniteti va milliy manfaatlarini, an’analari, madaniyati va turmush tarzini himoya qilishga tayyor”, deydi u.
Rossiya rahbari yangi iqtisodiy va siyosiy markazlar ham mustahkamlanayotganini qo‘shimcha qilgan. Bularning barchasi, uning fikricha, barqaror va ilg‘or global taraqqiyot, ijtimoiy, iqtisodiy, texnologik va ekologik muammolarni adolatli, eng muhimi, real hal etish, millionlab odamlarning hayot sifati va farovonligini oshirish uchun muhim asos bo‘lishi mumkin.
Putin konferensiya ishtirokchilarini qutlar ekan, bunday ochiq, halol, xolis muhokamalar nihoyatda muhim va talabga ega ekani, chunki kelajak konturlarini birgalikda, teng asosda yaratish butun dunyo hamjamiyatiga bog‘liqligini bildirgan.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish orqaligina global va mintaqaviy darajadagi qarama-qarshilikni kamaytirish, xavf-xatar va tahdidlarni zararsizlantirish, davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va ularning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar ochish mumkin.
“Biz xalqaro huquq normalari va tamoyillari ustuvorligi, davlatlar suvereniteti va tengligi, konstruktiv hamkorlik va ishonchga asoslangan ko‘p qutbli dunyo tartibining qat’iy tarafdori edik va shunday bo‘lib qolamiz”, deydi Putin.
U xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Moskva konferensiyasi mamlakatlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
LiveBarchasi