Akmal Saidov kimlarning xatosi O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga putur yetkazishini aytdi
Jamiyat
−
24 dekabr 2020
13884Hozirgi vaziyatda oddiy tergovchi yoki prokurorning xatosi O‘zbekistonning xalqaro maydonda tutgan obro‘siga putur yetkazishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari – Inson huquqlari Milliy markazi direktori Akmal Saidov Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning yanvar oyida parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasidagi topshiriqlar ijrosi bo‘yicha bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Notiq Saidovga ko‘ra, O‘zbekiston oxirgi yillarda demokratiya, qonun ustuvorligi, korrupsiyani nazorat qilish, so‘z erkinligi va hisobdorlik, jahon matbuot erkinligi kabi indekslarda o‘z o‘rnini ko‘tarishga harakat qila boshlagan. Shu maqsadda Qonunchilik palatasi va Senat bilan birgalikda reytinglarni ko‘tarish bo‘yicha respublika Kengashi tuzilgan. Ammo, barcha sa’y-harakatlarni oddiy tergovchi yoki prokurorning xatti-harakati yo‘qqa chiqarishi mumkin.
“Hozirgi kunda oddiy tergovchi, oddiy prokurorning xatosi O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga putur yetkazishi mumkin. Shuning uchun reytinglarni ko‘tarishda parlament nazoratini amalga oshiramizki, har bir vazirlik va idora o‘z sohasiga javob bersin”, deydi Akmal Saidov.
Prezident Mirziyoyev parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bu masala bo‘yicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish kerakligiga to‘xtalgandi. Saidovga ko‘ra, berilgan topshiriqlarning barchasi bajarilgan.
“Xalqaro majburiyatlarimizga qaratilgan yana bir ish – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini O‘zbekistonda bajarish bo‘yicha parlament nazoratini amalga oshirish. Biz 2015 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shilganmiz. O‘zbekiston Hukumati Barqaror rivojlanishning 16 ta maqsadi bo‘yicha Milliy indekatorlarni, ko‘rsatkichlarni belgilab olgan. 16 ta yo‘nalishning hammasi parlamentning faoliyatiga tegishli.
Biz ikki palata raislari boshchiligida Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha parlament komissiyasini tuzdik. Uch oyda ikki marta ushbu komissiya majlisini o‘tkazdik va ikkita palataning tegishli qo‘mitalari o‘z yo‘nalishida tegishli vazirliklarning hisobotlarini eshitishyapti”, deydi Akmal Saidov.
O‘zbekistonda joriy yilning yanvar oyigacha kambag‘allik haqida miq etilmagan. Go‘yo hammasi a’lodek, go‘yo O‘zbekiston badavlat boylar saroylariga to‘lgan mamlakatdek. Asl vaziyatni ko‘rish uchun ko‘zni kattaroq ochish shart emas. Saidov aynan kambag‘allikni yo‘q qilish bo‘yicha davlat rahbari belgilab bergan kurash qanday ketayotganiga aniqlik kiritdi:
“Birinchi maqsad – kambag‘allikni kamaytirish. Biz maxsus vazirlik tuzidik. Qani, u nima qilyapti? Tegishli iqtisodiy qo‘mitalar Senatda ham, Qonunchilik palatasida ham ushbu masalani ko‘rib chiqishi kerak.
2020 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha 19 ta Hukumat, davlat va xo‘jalik boshqaruvi rahbarlarining axboroti eshitildi. Qani, BQRni sizlar qanday bajaryapsizlar degan savol qo‘yildi”.
LiveBarchasi