Ijodkorni sindirishlariga qarshiman – “Sevimli”ning prodyuseri Prezidentning qizi e’tiroz bildirgan serial haqida

Madaniyat-san’at

image

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialining behayo lavhasi muhokama markazida bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar efirga uzatilgani va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ham “Sevimli” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialini tanqid qildi. U, xususan, hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganmanini bildirdi.

“Sabriya” serialining 14 yanvardagi 32-qismi atrofida muhokamalar davom etishi ortidan “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova e’tirozlarga javob qaytardi. Uning qayd etishicha, ushbu serial voqealari real inson hayotidan olingan. 

“Nima bo‘lgan? Serialning bir epizodi tarqalgan. Unda giyohvand yigit qizga hamla qilmoqchi bo‘lgan harakati aks etgan. Ssenariyda ko‘rsatilgan zo‘ravonlik sahnasini rejissyor odam tanasini, qon va urushni ko‘rsatmay suratga olgan. Ochiq zo‘ravonlik, behayo yoki axloqsiz sahnalar ko‘rsatilmagan. Qolaversa, giyohvand zo‘ravon o‘z amaliga yarasha jazosini serialning shu qismida olgani ko‘rsatilgan. Yovuzlikni ko‘rsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz, Xudoga shukr. “Sabriya” serialidagi voqealar xam real insonlar hayotidan olingan”, deydi Amira Rashidova.

U so‘zida davom etib, ayollarning erkinligi va ularga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash masalasini har qadamda yozishini urg‘ulagan. 

“Men ayollarga nisbatan har qanaqa zo‘ravonlikka qarshiman, telekanal kontentida shu illat asoratlari haqidagi “Zirapcha”, “Sen va men”, “Bir kaft tuproq”, “Qafasda…” kabi ayollar mavzusiga qaratilgan katta loyihalarga qo‘l urganmiz”, deydi telekanal rahbari, bu loyihalarda ham jamiyatdagi kamchiliklarni ko‘rsatib, qahramonlar xayotini izga solishga hissa qo‘shilganini ta’kidlab.

U “Sabriya” serialini “axloqsiz” deyish noo‘rinligini, namoyishdan avval 16+ markirovkasi berilganini qayd etgan.

“Sevimli” telekanali “Sabriya” serial namoyishidan avval 16+ markirovkasini bergan, qolaversa, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli. Ushbu serial rejissyor Nasiba Tursunovaning ilk ishi. Ko‘plab kino ijodkorlar qatori, “Sevimli” uni ham qo‘llab- quvvatladi, ishonch bildirdi. Kelajakda ham u bilan xamkorlik qilish niyatidamiz, ijodkorni sindirishlariga qarshiman…”, deya tanqidlarga javob bergan Rashidova.

U bir yil oldin telekanallar asosiy kontentini turk seriallari egallaganini, bugunga kelib, har bir telekanalda 2-3 tadan milliy seriallar namoyish etilayotganini ta’kidlab o‘tgan. Biroq bu “mahsulot”lar odamlarga ma’qul kelmayotganini aytib, shunday deydi:

“Uzatilayotgan seriallardan ommaning ko‘ngli to‘lmayapti, bunga ko‘p sabab bor, ijodiy va texnik muammolar yetarli… Biz o‘tish davridamiz. Milliy seriallarimiz yaxshiroq bo‘lishiga ishonaman, har holda urinishlar yo‘q emas, garchi bu oson bo‘lmasa-da, shunchaki hammasiga vaqt kerak.

Nima bo‘lganda ham har biringizdan minnatdorman, befarq bo‘lmaganingiz uchun, yaxshi yoki yomon muhim emas, balki shunchaki fikr bildirib turganingiz uchun ham rahmat!”.

Eslatib o‘tamiz, bunday holat "Sevimli” telekanali bilan birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. 2018 yilda ham kanal pornografik sahnalari mavjud filmni efirga uzatgani uchun ogohlantirilgandi. 

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida 2018 yilning 27 iyul kuni o‘tgan yig‘ilishda “Master media production and broadcast” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida tashkil etilgan “Sevimli” va “STV” telekanallari monitoringida bir qator qonun talablari buzilgani aytilgandi. 

Xususan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “Sevimli” telekanali orqali 2018 yil 15 iyul kuni coat 21:10 da  efirga uzatilgan “Hurliqo” (“I feel pretty”) badiiy filmining 45-daqiqasida pornografik mazmundagi sahna mavjudligi aniqlangan. Bundan tashqari, ushbu telekanalda ma’naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga zid, yoshlarning odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yozishmalar, matnida hayosizlikni tashviqot qiluvchi jumlalar mavjud xorijiy qo‘shiqlar namoyish etilgani kuzatilgan.

Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “STV” telekanali 2018 yil 21 iyul kuni coat 09:17 da hayosizlikni targ‘ib qiluvchi, ayniqsa yoshlar odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi “Sausage party” nomli xorij multfilmini efirga uzatgan. Jumladan, multfilm qahramonlarining hayosizlikni targ‘ib qiluvchi beo‘xshov qiliqlari, behayo suhbatlari, narkotik moddalarni qabul qilish, surbetlarcha qovushish sahnalari ochiq-oshkora namoyish etilgan.

Shuningdek, mazkur telekanal orqali 2018 yil 22 iyul kuni soat 22:45 da xorijning “Ya legenda” filmi efirga uzatilgan. Mazkur film syujetida virus tarqalgan hududda odamxo‘rlar va vahshiy hayvonlarning odamga hujum qilish, uni yeyishga urinish bilan bog‘liq vahshiylik, shavqatsizlik sahnalari mavjudligi aniqlangan. Syujetida tomoshabinlarni dahshatga soluvchi qo‘rqinchli tasvirlar mavjudligi bois, mazkur film “O‘zbekkino” Milliy agentligining ekspert komissiyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi hududida namoyish etish, ko‘paytirish va tarqatish tavsiya etilmagan filmlar ro‘yxati”ga kiritilgan.

Telekanallar tomonidan nomlari qayd etilgan film va multfilmlarni efirga uzatish oqibatida O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 14- va 15-moddalari talablari buzilgan.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlaridan kelib chiqib, Idoralararo Komissiya qaroriga asosan “Master media production and broadcast” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligidagi “STV” telekanalini efirga uzatish nomuayyan muddatga to‘xtatildi. “Sevimli” telekanali mas’ul xodimlariga keskin choralar qo‘llanilgani inobatga olinib, bunday holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan telekanal rahbariyati qattiq ogohlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Amira Rashidova

Baholaganlar

330

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing