Jurnalist “O‘zekspomarkaz”da 12 kishi o‘lgani yashirilayotganini aytmoqda

Jamiyat

image

Koronavirusmi yoki boshqa kasallik, xullas O‘zbekistonda kasallanish holatlari va o‘lim soni kun sayin ortib bormoqda. Ishonchsizlik bilan qaralayotgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus yuqtirib olganlar 21 506 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 11 674 nafari yoki 54 foizi sog‘aygan. 122 nafari yoki 0,5 foizi vafot etgan. Ayni vaqtda 9710 nafar bemorning davolanishi davom etmoqda. Ulardan 215 nafarining ahvoli og‘ir, 81 nafarining holati o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. 

Yuqoridagilar rasmiy statistika. Mamlakatda kasallanish holatlari va statistika allaqachon jilovini yo‘qotib bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar esa bu boradagi e’tirozlarga to‘lib toshmoqda. Jumladan, o‘zi va oila a’zolari ushbu kasallikka chalingan jurnalist, “Sevimli” telekanali prodyuseri Amira Rashidova Sog‘liqni saqlash vazirligi odamlarni aldayotganini aytib chiqib, “O‘zekpomarkaz”da tashkil etilgan Taqsimlash markazida jon bergan 12 kishi nima uchun statistik ma’lumotlarga kiritilmaganini so‘ramoqda. 

“Vaziyat biznikichalik dahshatli emas”

Rashidova o‘z fikrlarini poytaxt Toshkentdagi vaziyatni Turkiyaning Istanbuli, Chexiyaning Praga shahri bilan solishtirishdan boshlaydi.  

“Istanbulda yashaydigan do‘stimdan so‘radim: sen tanigan bilganlar ichida COVID bo‘lganlar bormi? “Yo‘q”, dedi. Pragada yashaydigan ham “yo‘q”, dedi. Bu ikki shahar bo‘yicha statistikada kuniga 500-1000 tagacha yangi kasallik holati kayd etilyapti. Shunga karamasdan, vaziyat biznikichalik dahshatli emas. Bizda butun shaharda vabo tarqalayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Atrofimda juda ko‘p odam COVID bilan kasallandi: ikki ammam oilasi bilan, holamning ikki qizi oilasi bilan, o‘zim oilam bilan, ishxonada deyarli hamma, do‘stlarim, Facebook’dagi tanishlarim, jami 85% bilganlarim so‘nggi 21 kun ichida bu kasallikni boshdan o‘tkazishdi yoki o‘tkazishyapti. Deyarli hammada bir xil holat: tana harorati ko‘tarilishi, hid sezmaslik, nafas siqishi, xolsizlik, suyaklar og‘rishi. Aksariyat bir haftagacha isitmalab yotibdi, MSKT esa 70% holatda pnevmoniya ko‘rsatyapti.

Menimcha, hatto koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekkan  AQSH va Italiyada ham bizchalik ko‘p odam kasal bo‘lmadi, kasal bo‘lmagan oilalarni eshitsam, shubhalanib karayabman. Chunki sog‘ odamdan kasal ko‘p. Vaziyat (epidemiya) cho‘qqiga yetdimi degan savol esa juda muhim, hamma kasal bo‘lib olsa, ommaviy immunitet shakllanadi, lekin aholining 80%i kasallanishini o‘ylasam yurak orqaga tortib ketadi. Biz uzoq kishloklarda yashaydigan odamlarga yordam berolmaymiz, bu aniq!”, deydi Rashidova.

“Statistika ko‘zingizga qarab aldayapti”

Jurnalistga ko‘ra, poytaxt Toshkentdagi vaziyat izdan chiqib bo‘lgan va kasallanish viloyatlarning chekka hududlarida urchiydigan bo‘lsa, katta yo‘qotishlarga tayyor turish kerak. Uning alohida urg‘ulashicha, poytaxtdagi shifoxonalarda davolanish uchun tanish-bilish kerak.  

“Poytaxtda vaziyat shu kadar izdan chiqqan paytda, shifoxonada yotish uchun tanish-bilish yordam beradigan, Kleksan dorisini qidirib ado bo‘layotgan kunlarni ko‘ryapmiz. Qishloqdagi odamlarni kuni qanday kechishini o‘ylash qo‘rqinchli. Yoki qishloqlarda vaziyat jiddiylashishga ulgurdimi? Bu ma’lumotlar bizda afsuski yo‘q, nechta odam haqiqatda kasalligini ham bilmaymiz, qancha odam o‘layotganini ham bilmaymiz. Statistika ko‘zingizga qarab aldayotgani – juda jirkanch xol. Odamlarni siz COVID emassiz, siz shunchaki pnevmoniyasiz, deb aldash nimaga kerak?”, deydi “Sevimli” telekanali prodyuseri Amira Rashidova. 

“O‘zekspomarkaz”da vafot etgan 12 ta odam haqida ma’lumot qani?”

Ma’lumki, o‘tgan hafta poytaxtdagi “O‘zeskpomarkaz”da koronavirus va pnevmoniya xastaligiga chalingan bemorlarni shifoxonalarga Taqsimlash markazi tashkil etildi. Ming o‘rinli ushbu markazga 2 kunning ichida 600 dan ortiq bemor joylashtirildi. Jurnalist Amira Rashidovaning qayd etishicha, asl mutaxassisligi hamshira bo‘lgan OAV xodimi “O‘zeskpomarkaz”ga ishga kirgan va 8 soat ichida 12 kishining vafot etganiga guvoh bo‘lgan. Ular esa Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tarqatilayotgan statistikalarga kiritilmagan. Rashidova Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatini so‘roqqa tutadi: 

“Bizda ishlaydigan hamkasbimiz (asl mutaxassisliklari hamshira) hozir “O‘zekspomarkaz”ga ishga kiribdilar. “8 soatlik navbatchilik paytimda 12 ta odam o‘ldi”, deb aytdilar. “Odamlar ko‘karib o‘lib qolyapti”, dedilar. 12 ta odam – faqat “O‘zekspomarkaz”da yotganlar. Virusologiya, teri-tanosil klinik kasalxonasi, pediatriya, Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi,  shahar va  respublika buylab  koronavirus bilan kasallanganlarni davolayotgan qancha shifoxona bor. U yerdagi statistika nega sir saqlanyapti? Butun Facebook’da o‘lganlar xaqida haddan ortiq ma’lumot tarqalayotganida, nahot butun Respublika bo‘yicha bu kasallikdan bugun bir homilador ayol o‘lgan deb yolg‘on xabar tarqatishdan uyalmasangiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati? Kim uchun va nima uchun yolg‘on statistikani yozayapsiz? Kasallanganlar soni degan ma’lumot nima uchun xalqqa taqdim etilyapti o‘zi? Dunyo oldida o‘zimizni shunaqa “kuchli” ko‘rsatish uchunmi bu? Meni aqlim yetmayapti shu narsaga, “O‘zekspomarkaz”da vafot etgan 12 ta odam haqida ma’lumot qani?”, deydi Rashidova.

“...davlatimiz aytolmayapti, shuning uchun yolg‘on gapirayapti”

U o‘z so‘zlarida davom etarkan, joriy yilning may oyi boshida Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida joylashgan suv omborining yorilishi va odamlarning uyi, mol-xoli, topgan-tutgani suv ostida qolishini ham esladi. Yolg‘on ma’lumotlar, pul o‘g‘irlashlar ortidan odamlar aziyat chekayotganini aytdi:

“Biz yolg‘on bilan o‘zimizni boqayapmiz, bolalarimizni ham aldashga o‘rgatyapmiz. Qo‘rqinchli narsa aslida shunda, biz haqiqatni ko‘ra turib, uni inkor qiladigan, bolalarimizga ham aldash yaxshi narsa ekanini o‘rgatib kelayotgan xalq bo‘lganmiz... Hamma joyda yolg‘on, yolg‘on bilan yashash go‘yoki qulayroq, yaxshiroqdek, shuning uchun ham millardlab pullar yolg‘on bilan o‘g‘irlanadigan, suv toshib, uysiz qolgan minglab odamlarni haqqini osongina unutib, ularni yolg‘onlarga ishontirib, o‘g‘rilarga jazo qo‘llamaydigan kunlarga qoldik.

Koronavirus simptomi bo‘lsa-da, sizda kasal yo‘q, deb bemorni aldaydigan, o‘zini o‘zi davolashga mahkum etib, noto‘g‘ri davolangani uchun jon berayotgan qancha odamlarni uvoliga qolayapmiz. Test qilolmay sarson, pnevmoniya deb umuman keraksiz dorilarni qilib o‘ziga zarar yetkazayotgan odamlarni ko‘rib, rost gapiradigan vrachga muhtoj ekanimizni tushunyapmiz. Menga pnevmoniya tashxisi qo‘yilganida beshta (!) pulmanologdan 5 xil davolanish variantini oldim, ichida COVID’ga umuman to‘g‘ri kelmaydigan qancha dori bor edi, qancha yolg‘on dorilar... Biz yolg‘on gapirishni bas qilmas ekanmiz, bundan og‘ir holatni boshimizdan o‘tkazaveramiz, yolg‘on aralashgan har qanday gapda va ishda baraka bo‘lmaydi. 

Barakasi yo‘q, qarzi boshidan oshgan, odamlari faqir va bechora yurtga aylanishdan Yaratgan asrasin. Kunda chiqadigan o‘nlab yangiliklardagi yolg‘onlardan to‘xtash kerak, bir-birimizni aldashni bas qilish kerak. Bolalarimizni yolg‘onchi qilib katta qilish fojia bo‘ladi. Yolg‘on ma’lumotni chiqarib, bolalarga yolg‘on bilan oson yashash mumkinligini o‘rgatyapmiz, shuni tushunish kerak!

Mendan bugun 9 yoshli o‘g‘lim, “nechta odam o‘libdi oyi”, deb suraganida, ko‘p, faqat buni davlatimiz aytolmayapti, shuning uchun yolg‘on gapirayapti, deganimda, “nega yolgon gapirishayapti”, deb savol berdi. Bilmayman dedim va uyaldim, yolg‘onchi jamiyatning bir bo‘lagi ekanimdan uyaldim, bolam ham yolg‘onchi bo‘lishidan qo‘rquvga tushdim, men bunday jamiyatda yashashni istamayman...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Odamlarni kuldirish uchun yolg‘on gapiradigan kimsaga vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin” (Abu Dovud, Termiziy rivoyati)”.

Ayni vaqtda jurnalist Amira Rashidovaning o‘zi va oila a’zolarining umumiy ahvoli haqida ma’lumot mavjud emas. U kasallikni yengib o‘tdimi, hamon uy sharoitida davolanyaptimi, bu haqda so‘z ochmagan. Davlat idoralari, jumladan Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi kabi o‘nlab e’tirozlarga miq etmay kelyapti. Sukut alomati rizo deb shuni aytishsa kerak. 


Maqola muallifi

Teglar

Amira Rashidova

Baholaganlar

1646

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing