Amira Rashidova uzr so‘radi

Madaniyat-san’at

image

“Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi. 

U bugun kun tartibiga chiqqan masalalarda QALAMPIR.UZ’ni ayblagan. 

“Ikki yil bo‘ldiki, biror bir jiddiy mavzularga qo‘l urmayman. Bunga sabab, men bilan bir voqea sodir bo‘lgan edi. O‘shanda bir vaziyat yuzasidan feysbuk tarmog‘ida post yozgandim. Eski “qadrdonlar” so‘zlarimni kontekstdan yulib, g‘araz niyat bilan fikrlarimni noto‘g‘ri talqin qilishgandi…

Qarangki, ikki yil o‘tib “Sevimli” atrofida bo‘layotgan gap-so‘zlarga o‘z fikrimni bildirish uchun kecha post yozsam, hammasi qayta takrorlandi. Yana o‘sha odamlar, yana o‘sha ssenariy… So‘zlar kontekstdan yulinib, o‘ziga kerak sarlavhada tarqatildi. Go‘yoki men Saida Mirziyoyevaning “Sabriya” seriali haqidagi fikriga qarshi chiqib, kechagi postni yozgan, deb talqin qilishdi! Lekin bu unday emas!

Insof haqida gapirmayman, chunki bunday odamlarda u bo‘lmaydi… Tuhmat qilishdan to‘ymaydi, Xudodan ham qo‘rqmaydi bundaylar”, deydi Amira Rashidova (20.01.2022 yil)

Gap shundaki, bundan ikki yil avval, 2020 yilning 28 iyul kuni Amira Rashidova Facebook’dagi hamma uchun ochiq bo‘lgan sahifasida mamlakatdagi pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgan. Rashidovaning o‘sha vaqtda yozgan fikrlariga ko‘ra, davlat o‘lim sonini yashirgan. 

“Mendan bugun 9 yoshli o‘g‘lim, “nechta odam o‘libdi oyi”, deb so‘raganida, ko‘p, faqat buni davlatimiz aytolmayapti, shuning uchun yolg‘on gapiryapti, deganimda, “nega yolgon gapirishayapti”, deb savol berdi. Bilmayman dedim va uyaldim, yolg‘onchi jamiyatning bir bo‘lagi ekanimdan uyaldim, bolam ham yolg‘onchi bo‘lishidan qo‘rquvga tushdim, men bunday jamiyatda yashashni istamayman...”, deb yozgandi Amira Rashidova (28.07.2020 yil).

QALAMPIR.UZ o‘sha vaqtda (2020 yil 28 iyul kuni) Amira Rashidovaning yozganlarini boricha e’lon qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, Rashidova o‘zi yozgan postni sahifasidan o‘chirib yubordi va QALAMPIR.UZ’ni tuhmat qilishda, davlatga qarshi qo‘yishda aybladi. Aslida “men bunday jamiyatda yashashni istamayman”, deya yozgan Rashidovaning o‘zi edi. 

Bir kun avvalgi bayonotida “Sabriya” serialida “ochiq zo‘ravonlik, behayo yoki axloqsiz sahnalar ko‘rsatilmagan”, deya bong urayotgan Rashidova 20 yanvarga kelib fikridan qaytdi. 

“Sevimli” telekanali “Sabriya” seriali namoyishidan avval 16+ markirovkasini bergan, qolaversa, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli. Ushbu serial rejissyor Nasiba Tursunovaning ilk ishi. Ko‘plab kino ijodkorlar qatori, “Sevimli” uni ham qo‘llab- quvvatladi, ishonch bildirdi. Kelajakda ham u bilan hamkorlik qilish niyatidamiz, ijodkorni sindirishlariga qarshiman…”, degan edi Rashidova (19.01.2022 yil)

Kecha e’lon qilgan postida esa go‘yo postni bus-butunligicha e’lon qilish orqali QALAMPIR.UZ Amira Rashidovani Saida Mirziyoyevaga qarshidek ko‘rsatgan. Bu haqda Rashidova shunday deydi: 

“Hozir internetga kirib qarasam, vaziyat jiddiylashgan, hamma joyda meni Saida Mirziyoyeva bilan bahslashgan inson sifatida talqin qilib, yo‘q joydan atrofimda muammo tug‘dirishyapti” (20.01.2022 yil).

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nima qilibdi Saida Mirziyoyevaga qarshi fikr bildirilgan bo‘lsa? So‘z va fikr erkinligi yo‘qmi? Amira Rashidovaga kim, qanday muammo tug‘diryapti? U fikrida davom etib, shunday deydi:

“Kecha Saida Mirziyoyevaning fikrini o‘qiganimda, men postimni joylab bo‘lgan edim. Ikki kun oldin kechasi AOKA rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, "Sevimli” telekanali orqali milliy serial namoyish etish chog‘ida axloqsizlik sahnalari mavjudligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallar jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi”, deb ekspertiza tayinlanganligi ma’lum bo‘ldi. Ertasi kuni “Sevimli”ga kelib, kun davomida bayonnoma tuzish, yuristlar bilan gaplashish, serialni badiiy kengashda tahlil qilish bilan vaqt o‘tkazib, umumiy vaziyat yuzasidan o‘z fikrimni bildirishim kerak deb, post yozdim.

Nima demoqchiman? Men Saida Mirziyoyevaning fikriga qarshi emasman! U kishi aytib o‘tgan kamchiliklar bor, buni tan olaman. Saida opaning ayollar manfaatlarini himoya qilishi, ularga berayotgan yordamini kuzataman va hurmat qilaman. Anglashmovchilik uchun hijolatdaman va uzr so‘rayman. Shu sababdan jurnalist va blogerlardan iltimos qilaman: tuhmat, odamlarni bir biriga asossiz qarshi qo‘yishni bas qiling.

Bugun telekanalda o‘zgarishlar bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan uzr so‘raldi. “Sevimli”da yangi va sifatli kontent yaratish yo‘lida, jamoa bilan birga katta loyihalar qilishni maqsad qilganmiz, Insha Alloh hammasi sekin amalga oshadi. Sizlarga yaxshiliklar ichida yashashni tilayman”, deb yozgan Rashidova (20.01.2022 yil).

U kechagi fikridan qaytganmi yo yo‘q, bunisi bizga qorong‘u. Ammo, yuqorida ta’kidlaganganidek, Rashidova bir kun avval “Sabriya” serialida axloqsizlik yo‘q deb hisoblab, uni suratga olgan rejissyor bilan kelajakda ham hamkorlik qilmoqchiligini bildirib, uni sindirishlariga qarshi chiqqandi. Va serialni tanqid qilganlarga uning yana 3 daqiqasini ko‘rishni tavsiya qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Amira Rashidova

Baholaganlar

1948

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing