Cheklovlar ko‘payib ketdi degani, bo‘lmasligi kerak degani emas – Davletov TikTok va Twitter bloklangani haqida

Jamiyat

image

Zamonamizda axborotni hech qachon cheklab bo‘lmaydi, uni jilovlab bo‘lmaydi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Toshkent yoshlari forumi — 2021”dagi chiqishi davomida mamlakatda TikTok va Twitter bloklangani to‘g‘risidagi savolga javob berib, shunday fikr bildirdi.

“Cheklovlar ko‘payib ketdi degani bu cheklovlar bo‘lmasligi kerak degani emas. Bu qayerda bo‘lsa ham, maqbul darajada bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Ijtimoiy tarmoqlarga keladigan bo‘lsak, men axborot almashinuvida erkinlik tarafdoriman. Bugungi zamonda axborotni hech qachon cheklab, uni ustiga o‘tirib, jilovlay olmaysiz.

Tarix ham bunga guvoh. Gutenberg 1445 yilda bosma dastgohni kashf qilgan shu orqali ko‘pchilik millatlarning savodi chiqqan. Usmoniylar imperiyasi esa bundan qo‘rqib, 18-19 asrgacha Gutenbergning dastgohini mamlakatga kiritmagan. Bu esa millatning savodi bo‘yicha qoloq bo‘lishiga olib kelgan. Buning orqasidan sanoat, ishlab chiqarish va raqobat Yevropada keskin rivojlanib ketdi va ular har tomonlama o‘sishga erishdi”, deydi Davletov.

U axborot almashinuvi doim bo‘lishi kerakligini, bu bilimni kuchaytirishini ta’kidlab, tarmoqda noqonuniy kontentlar ham bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

“Noqonuniy kontent har doim bo‘ladi. Noqonuniy kontent nima? Bu terrorizmga boshlovchi chorlovlar, diniy adovatlarni qo‘zg‘atuvchi materiallar, pornografiya yoki zo‘ravonlik haqidagi materiallar. Rivojlangan davlatlarda bularning barchasi qonun bilan tartibga solingan. Qonun bilan ishlasak yanglishmaymiz”, deydi Davletov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 27-1-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berayotgan “Twitter”, “TikTok” “WeChat” “Skype” “VKontakte” kabi ijtimoiy tarmoqlar hamon blokda qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ruslanbek Davletov Twitter TikTok

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing