Akasi tomonidan do‘pposlangani aytilgan bola Madina Muxtorovaning o‘g‘li bo‘lib chiqdi
Tahlil
−
03 yanvar 2020
32807Kuni kecha yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda yunusobodlik bolakayning o‘z akasi va kelinoyisi tomonidan kaltaklangan, uni ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiida saqlab kelingani haqida video tarqaldi.
Videoni tasvirga tushirayotgan ayol bilan suhbatda bolakay oyoq-qo‘li, tanasining hammasi qismi og‘riyotganini, o‘n kunlardan beri kaltaklanayotganini aytgan.
Videoda bu bolakay o‘zining ko‘kargan joylarini ko‘rsatgan. Shuningdek, uning sochlarini olib tashlashgani, yerto‘lada yashayotganligini, ikkita qo‘lidan 2,5 soat mobaynida osib qo‘yishganini aytgan.
Ma’lum bo‘lishicha, videomurojaat egasi M. A. bo‘lib, u O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Madina Muxtorovaning kenja o‘g‘li. Qayd etilishicha, video Madina Muxtorova tomonidan suratga olingan va uni yaqindan tanigan bilganlarning ta’kidlashicha, bola bilan suhbatlashib, uni so‘roqqa tutayotgan ham aktrisaning o‘zi.
Ushbu video jamoatchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqning bir necha foydalanuvchilari bolakayning xolidan xabar olish uchun uning uyigacha borgan.
“Bolakay 16-shifoxonaning neyroxirurgiya bo‘limiga olib borildi. U yerda shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazildi. Ularning xulosasiga ko‘ra, bolaning oyoq va qo‘llariga muntazam urib kaltaklangan. Bolada singan va gematoma izlari, ya’ni ko‘kargan joylar aniqlangan. Bu bola mashhur aktrisalarimizdan birining farzandi ekan.
Bir bolani bunchalik darajada urish (yomonligini bilish) uchun katta aql kerak emas. Bu sizning erkaklik kuchingizni emas, past insoniylik darajangizni ko‘rsatmoqda”, deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
“Men kechasi o‘sha xonadonga bordim. Borib qo‘shnilaridan surishtirsam, haqiqatda bu uy aktrisa Madina Muxtorovaning uyi ekanini aytishdi. Pastga tushganimda Sanjar degan boshqa o‘g‘li turgan ekan. Voqeani aytgandik, bizga tushuntirib ketdi: Aka, o‘zi shunaqa ishlarga ukam qiziqib turadi. O‘zini grim qilgan”, deb bizga bitta video tashlab berdi.
Ertasi kuni ham uchrashdik. Ukasini ko‘rsatishini aytdik. “Ertaga ko‘rsataman, bo‘ladimi?”, dedi. Keyin ketdi. Ma’lum vaqt o‘tib, telefon qilib uyining oldida kimlardir kelganini aytdi. Borsam tez yordam mashinasi turgan ekan. Tez yordam xodimlari yosh boladan “vыzov” tushganligini, qon qusayotgan ekan deb aytishdi”, deydi yana bir foydalanuvchi.
Shundan so‘ng, kaltaklangani aytilayotgan bolakayning yana bir videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi boshlandi. Unda Mirfayz Alimjonov hammasi joyida ekanligini, aktyorlik mahorati darslariga qatnashini, onasining grim uchun maxsus upalaridan foydalanganini, oilada unga nisbatan munosabat yaxshi ekanini aytadi.
“Men u rolikni internetga qo‘yishni xohlamagan edim. Men to‘garaklarga qatnashar edim. Qani qanaqa chiqarkin deb telefonga olmoqchi bo‘ldim. Onamning grimlaridan foydalangan holda. Internetga chiqarmoqchi emas edim. Archaning oldida xo‘roz rolini o‘ynab shu rolikni oldim. O‘chirishim kerak edi. Shoshilib zaryadga qo‘yganimda, parol yo‘qligi uchun kimdir o‘ziga o‘tkazib olgan.
E’tibor berganingiz uchun rahmat. Mening sharoitim yaxshi. U gaplar noto‘g‘ri. Rolikni o‘zim ko‘rib, o‘chirib yubormoqchi edim. Ming bor uzr. Hammangizga rahmat”, deydi uning o‘zi.
Ushbu muhokamalardan so‘ng, biz aktrisa bolaning onasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Madina Muxtorova bilan qo‘ng‘iroqlashib vaziyatni oydinlik kiritmoqchi bo‘ldik. Biroq urinishlarimiz zoye ketdi. Qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi.
Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidagi manbalarimizdan quyidagicha ma’lumot oldik:
“Yunusobod IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bolakay onasiga quloq solmay qo‘ygan. Aktrisa o‘rtancha o‘g‘li Sanjar Muxtorovdan ukasiga tarbiyaviy soat o‘tib qo‘yishni so‘ragan. Ukasiga qo‘pol muomalada bo‘lganligi sababli aktrisa o‘z ish joyi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida tanasini ko‘kartiruvchi bo‘yoqlardan foydalanib shunday videoyozuvni tasvirga tushurishgan. Aktrisaning hamkasblaridan biri videoni internetga joylab yuborgan”, deydi manba.
Eslatib o‘tamiz, voyaga yetmagan bolalarni muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasiga binoan uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
LiveBarchasi