AQSHsiz qolayotgan Afg‘onistonga endi Rossiya qo‘shin kiritadimi? Lavrov barchasini aytdi

Olam

image

Rossiya “Tolibon” harakati  pozitsiyalari mustahkamlanayotgani fonida Afg‘onistonga o‘z qo‘shinlarini kiritishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.  

Shuningdek, u Afg‘onistonga aniq zarba berish ehtimolini istisno qilgan. 

“Hech kim Afg‘oniston hududiga biron bir aniq zarba berish haqida gapirayotgani yo‘q va hech kim Afg‘onistonga bostirib kirish haqida ham o‘ylamayapti”, deya javob bergan Lavrov “Rossiya Afg‘onistonda doimiy ravishda harbiylarni joylashtirish yoki u yerdagi pozitsiyalarga zarbalar berishni istisno qiladimi?” degan savolga. 

“Siz bizni amerikaliklar bilan yoki Sovet davridan beri “olib kelgan” tajribamiz bilan chalkashtiryapsiz”, deb qo‘shimcha qilgan vazir. 

Lavrov Rossiya Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) a’zolari, shu jumladan Afg‘oniston bilan chegaradosh Tojikiston va Qirg‘iziston oldida majburiyatlarini saqlashini ta’kidlagan. 

“KXSHT a’zolaridan biriga qarshi har qanday tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda, ushbu tajovuzni bostirishga qaratilgan javob choralarini aniqlash uchun darhol maslahatlashuvlar o‘tkaziladi”, degan Tashqi ishlar vaziri.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rossiya Lavrov

Baholaganlar

204

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing