AQSHning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi jiddiy o‘zgardi
Olam
−
28 avgust 2025 16889 2 daqiqa
AQSH Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish masalasida o‘z pozitsiyasini jiddiy o‘zgartirdi. Bu haqda muzokaralardan xabardor manbalarga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, AQSH Yevropa davlatlariga Ukrainadagi xavfsizlikni ta’minlash imkoniyatini berishi va G‘arb qo‘shinlari Ukrainaga joylashtirilishi kerak edi. Endi esa AQSH G‘arb qo‘shinlariga o‘zi ham yordam berishga tayyorligini ma’lum qilgan. Bu Ukraina hududiga kirayotgan g‘arbliklarga AQSH texnik va moddiy tomondan yordam berishi mumkinligini anglatadi.
Yaqin kunlarda bu boradagi taxminiy shartlar taqdim etilishi kutilmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Yevropa davlatlariga razvedka, kuzatuv va rekognostika vositalarini taqdim etishi mumkin. Qolaversa, AQSH Ukrainaning havo xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan muhim tizimlar ustidan nazoratda yordam ko‘rsatishni va’da qilgan.
Nashr buni AQSH pozitsiyasidagi “jiddiy o‘zgarish” sifatida baholagan. Shunga qaramay, muzokaralar bo‘yicha hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalar hanuz mavjud va mavhum qolmoqda. Xususan, qaysi Yevropa davlatlari qancha harbiy yuborishi hamda bunga Rossiya qanday munosabat bildirishi haligacha javobsiz. Biroq Yevropa rasmiylari AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukrainaga yordam berishni istamasligi kabi asosiy to‘siq bartaraf etilganini ta’kidlamoqda.
Xavfsizlikni ta’minlash masalasida Rossiyaning pozitsiyasi ham haligacha o‘zgarmagan. Kreml xavfsizlik kafolatlarini Ukraina mojarosini hal qilishdagi eng muhim mavzulardan biri sifatida ko‘rib keladi va Yevropa harbiylarining Ukrainada joylashtirilishiga muntazam qarshi chiqib kelgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskva Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini faqat 2022 yil bahorida – Istanbulda kelishilgan rejaga binoan – BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari (jumladan, Rossiya va Xitoy) ishtirokida ta’minlashga rozi, ammo Ukraina Xitoyni bu safda ko‘rishga qarshi. Prezident Vladimir Zelenskiyga ko‘ra, Pekin 2022 yilda urushni to‘xtatishga yordam bermagan va 2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganida ham “hech narsa qilmagan”.
“Bloomberg” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, shu kungacha 10 ta davlat Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash uchun o‘z bo‘linmalarini yuborishga tayyor. Bular orasida Rossiya manfaatdor bo‘lgan Xitoy ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya hukumati Ukrainada urushdan zarar ko‘rgan hududlarni minalardan tozalash uchun o‘zining harbiy mutaxassislarini yuborishga tayyorligini bildirgandi. Nashrning yozishicha, Rim Ukrainaga qo‘shin yuborishni rejalashtirmayapti, lekin urush o‘choqlariga minalardan tozalovchi guruhni yubormoqchi.