AQSHning muzliklar ostidagi maxfiy bazasi bo‘yicha ayrim sirlar ochildi

Olam

image

XX asrda AQSH tomonidan Grenlandiya muzliklari ostida qurilgan maxfiy harbiy baza – Camp Century haqidagi yangi ma’lumotlar ma’lum bo‘ldi. Bu haqdagi tafsilotlarni “The Wall Street Journal” nashri e’lon qildi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, baza dastlab 600 ta o‘rta masofali ballistik raketalarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, butun boshli harbiy kompleksni tashkil etgan. Oradan yillar o‘tib bazaning usti qor va muz bilan qoplangan. Hozirda u taxminan 30 metr chuqurlikda joylashgan. Nashr ilk bor Camp Century bazasining batafsil tuzilishini ham chop etdi. Unga ko‘ra, kompleks ichida sport zali, teatr, kutubxona, ibodatxona va boshqa xonalar bo‘lgan. 

Shuningdek, baza ichida yadroviy reaktor joylashgan xona mavjud bo‘lgan, u yerda issiqlik chiqindilari ham saqlangan. Shuningdek, zaxira quvvat manbai xonasi, havo sovutkichlari joylashgan xona, yoqilg‘i saqlanadigan rezervuar hamda ilmiy tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan maxsus xonalar mavjud bo‘lgan.

Ushbu xonalarni o‘zaro bog‘lab, yuzaga olib chiquvchi uzun yerosti koridori qurilgan. Bazaga kirish esa past qor qoplamali tepalik orqali amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun, Camp Century 1959 yilda qurilgan va sovuq urush davrida Arktikada yadroviy qurollarni joylashtirish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish uchun o‘ta maxfiy tajriba poligoni sifatida xizmat qilgan. Loyiha doirasida Grenlandiya muz qoplamasi ostida tunnel tizimi barpo etilgan, biroq doimiy muz harakati sababli loyiha amalga oshmaydigan deb topilib, tashlab qo‘yilgan.

Keyinchalik amerikalik mutaxassislar reaktorni demontaj qilib, yadro reaksiyalarini o‘rganishga mo‘ljallangan kamerani o‘zlari bilan olib ketgan. Biroq minglab tonna chiqindilar, jumladan radioaktiv materiallar bazada qoldirilgan. AQSH ularning abadiy muzliklar ostida qolishiga umid qilgan.

Biroq global isish oqibatida Grenlandiyadagi muzliklar tezroq eriy boshlagan. 2016 yilda olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, kompleksning qoldiqlari XXI asr oxiriga borib muzlik yuzasiga chiqishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq 2021 yilda o‘tkazilgan yangi tahlilga ko‘ra, olimlar baza 2100 yilgacha muz ostida qoladi, deb hisoblamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA kosmik agentligi xodimlari Grenlandiya orolining muz qatlamlari ostida Sovuq urush davriga oid AQSHning tashlab ketilgan harbiy mazkur bazasini aniqlagani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Grenlandiya maxfiy baza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing