AQSHning Iordaniyadagi harbiy bazasi hujumga uchradi. Qurbonlar bor
Olam
−
29 yanvar
5858Kecha, 28 yanvar kuni AQSHning Iordaniyadagi harbiy bazasiga uchuvchisiz samolyot hujumi uyushtirildi va oqibatda uch amerikalik askar halok bo‘ldi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligiga tayanib, CNN telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Iordaniya shimoli-sharqida, Suriya bilan chegara yaqinida joylashgan Amerika bazasiga uyushtirilgan dron hujumidan so‘ng kamida 34 nafar askar jarohat olgan. Yaralangan harbiylarning bir qismi bazadan evakuatsiya qilingan. Shuningdek, jabrlanganlar sonining ko‘pligi dronning kazarmadan uncha uzoq bo‘lmagan joyda urilgani bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.
AQSH Prezidenti Jo Bayden hujum uchun "Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangarilar" javobgar ekanini aytdi.
“Biz bu hujumga oid faktlarni haligacha to‘playotgan bo‘lsak-da, buni Suriya va Iroqda faoliyat yuritayotgan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan radikal jangari guruhlar amalga oshirganini bilamiz”, deydi u.
Eron esa AQSH askarlariga qarshi hujumlarga aloqadorligini rad etdi.
“Eronning bu hujumlarga aloqasi yo‘q. Bu mojaro AQSH va mintaqadagi qarshilik guruhlari o‘rtasida”, deyiladi Eronning BMTdagi vakolatxonasi bayonotida.
CNN xabariga ko‘ra, Iroqdagi qarshilik harakati Iordaniya va Suriya chegarasidagi AQSH pozitsiyalariga uchuvchisiz samolyotlar yordamida hujum qilganini ma’lum qilgan. Zarbalar Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlariga javob sifatida tushuntirilmoqda.
Qaysi bazaga hujum qilingani aniq emas. AQSH armiyasining ta’kidlashicha, gap Iordaniya shimoli-sharqidagi kuchlarning joylashuvi haqida ketmoqda. Biroq, Iordaniya hukumati, aslida hujum Suriya tomonidagi chegarada joylashgan AQSH harbiy bazasiga qaratilganini aytdi. Vashington hujumga javob berishga va’da berdi.
Qayd etish joizki, AQSHning Suriya va Iroqdagi harbiy bazalari oxirgi oylarda tez-tez hujumga uchramoqda. Iroqdagi qarshilik harakati buni AQSHning HAMAS bilan urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlayotganiga javob sifatida tushuntiradi. Yanvar oyi o‘rtalarida Pentagon 17 oktyabrdan beri Iroq va Suriyadagi Amerika bazalariga 130 marta hujum qilingani haqida xabar bergan.
LiveBarchasi