AQSHga Grenlandiya ustidan nazorat kerak – Tramp
Olam
−
05 yanvar 3005 2 daqiqa
AQSHga mudofaa maqsadlarida Grenlandiya ustidan nazorat juda ham zarur. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp “The Atlantic” jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Intervyu davomida Tramp Venesuelada mamlakat Prezidenti Nikolas Maduroni ag‘darishdan keyin hokimiyat almashinuvi bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmagan.
“Bilasizmi, tiklanish yoki rejim almashinuvi, buni qanday atashingizdan qat’i nazar, hozirgi holatdan yaxshiroq bo‘ladi. Bundan battar bo‘lishi mumkin emas”, degan Oq uy yetakchisi.
Shuningdek, Tramp AQSH uchun G‘arbiy yarimshar ustidan nazorat zarur, deb hisoblashini aytib, 1823 yilda e’lon qilingan “Donro doktrinasi”ni tilga olgan. Biroq, u Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni olib qochish qarori faqat geografik omillar bilan bog‘liq emasligini bildirgan.
“Gap yarimsharda emas. Gap mamlakatda. Gap alohida davlatlarda”, deydi AQSH Prezidenti.
Tramp, shuningdek, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning “AQSH Prezidenti aytayotgan gapini jiddiy nazarda tutadi” degan bayonotiga ham izoh berdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH harbiylarining Venesueladagi harakatlari Grenlandiyaga qanday aloqador ekanini boshqalar baholashi kerak.
“Buni ular o‘zlari baholashlari kerak bo‘ladi. Men rostini aytsam, bilmayman. Kecha Marko menga nisbatan juda ochiqko‘ngil bo‘ldi. Bilasizmi, o‘shanda men Grenlandiyani nazarda tutmagan edim. Ammo, bizga Grenlandiya mutlaqo zarur. U bizga mudofaa uchun kerak”, deydi Tramp.
Donald Tramp Grenlandiya ustidan AQSH nazorati zarurligi haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. 2025 yilning dekabr oyi oxirida u BBC’ga bergan intervyusida ham Qo‘shma Shtatlarga Grenlandiya “milliy xavfsizlik uchun zarur” ekanini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lekke Rasmussen Donald Trampni Grenlandiyaga “qo‘l tekkizmaslikka” chaqirgandi. Uning ta’kidlashicha, AQSH tomonidan orolga qilingan har qanday hujum butun Daniya qirolligiga qilingan hujum sifatida qabul qilinadi.