AQSHdan ixtiyoriy chiqib ketgan noqonuniy muhojirlarga 1000 dollar beriladi
Olam
−
06 may 3627 2 daqiqa
AQSH Ichki xavfsizlik departamenti noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqib ketishga undash maqsadida ularga 1000 dollar miqdorida to‘lov taklif qilmoqda. Bu haqda departamentning rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
Bayonotda aytilishicha, bu tashabbus noqonuniy muhojirlar uchun o‘z ixtiyori bilan vatanga qaytish jarayonini yengillashtirishga qaratilgan. AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem bu bo‘yicha quyidagicha izoh berdi:
“Agar siz bu yerda noqonuniy ravishda bo‘lsangiz, o‘z ixtiyoringiz bilan deportatsiya bo‘lish – qo‘lga olinmaslik uchun eng yaxshi, xavfsiz va tejamkor yo‘ldir”, deydi u.
Shuningdek, vazir CBP Home mobil ilovasini yuklab olib, shu orqali mustaqil deportatsiya jarayonini boshlashga chaqirgan.
Dasturga ko‘ra, ushbu ilova orqali chiqib ketgan har bir noqonuniy muhojir vataniga qaytganidan so‘ng 1000 dollar mablag‘ oladi. Bundan tashqari, safar xarajatlari ham qoplab berilishi aytilmoqda.
“Bu chora bizning huquqni muhofaza qiluvchi organlar, chet elliklar va soliq to‘lovchilar uchun eng xavfsiz va iqtisodiy jihatdan eng maqbul yo‘ldir. Bu orqali 70 foizgacha byudjet tejaladi”, deya izoh bergan departament mazkur dasturga.
Qayd etish joiz, mamlakat Prezidenti Donald Tramp o‘z saylov kampaniyasidayoq noqonuniy migratsiyaga qarshi qat’iy siyosat yuritishini va’da qilgan edi. Ichki xavfsizlik departamentining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri 117 ming muhojir deportatsiya qilingan. “The Washington Post” ma’lumotiga ko‘ra, yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 1 million kishiga yetishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston o‘z hisobidan AQSHdan deportatsiya qilingan 100 dan ortiq kishini maxsus charter reys bilan Toshkentga olib kelgan edi. Ular orasida Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bo‘lgan. Keyinroq esa AQSH hukumati O‘zbekistonning mazkur amaliyotini e’tirof etib, minnatdorlik bildirdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr