AQSHdan deport qilingan o‘zbekistonliklar Kosta-Rikaga yuborildi
Olam
−
22 fevral 2025 7565 1 daqiqa
Joriy yilning 20 fevral kuni AQSHdan deportatsiya qilingan fuqarolarning bir qismi Kosta-Rika olib borildi va ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Kosta-Rika hukumati 200 muhojirni, jumladan, Hindiston va Markaziy Osiyodagi bir qancha davlatlarning fuqarolarini qabul qilishga rozi bo‘lgan. Ularning Kosta-Rikadan vataniga qaytarilishi belgilangan.
Ushbu kelishuv doirasida amalga oshirilgan ilk parvozda jami 135 nafar noqonuniy muhojir bo‘lgan, ularning deyarli yarmi voyaga yetmaganlardan iborat.
NBC News'ga ko‘ra, deportatsiya qilinganlar orasida kamida ikki homilador ayol bo‘lgan, ammo ular qaysi davlatdanligi ochiqlanmagan.
Kosta-Rika Prezidenti Rodrigo Chaves deportatsiya qilinganlar orasida O‘zbekiston va Qozog‘iston hamda Hindiston fuqarolari borligini aytgan.
Kosta-Rika Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Omer Badillaning aniqlik kiritishicha, samolyotda Tojikiston, Vetnam, Gruziya va Ozarbayjondan kelgan muhojirlar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH mamlakatdagi 200 dan ortiq markaziy osiyolik va hindistonlik noqonuniy migrantlarni Kosta-Rikaga yuborishi xabar qilingandi. Markaziy Osiyo va Hindistondan borgan noqonuniy shaxslar tijorat reyslari orqali olib kelinadi, shundan so‘ng ular Korredores kantonidagi migrantlarga xizmat ko‘rsatish markaziga joylashtiriladi.
Live
Barchasi