Sud Tramp ma’muriyatining falastinparvar faollarni deportatsiya qilishini chekladi
Olam
−
29 avgust 541 2 daqiqa
AQSH federal sudyasi Donald Tramp ma’muriyati falastinparvar faolligi va Isroilni tanqid qilgan xorijlik talabalarning vizalarini bekor qilish hamda ularni deportatsiya qilish uchun qo‘llagan qonun normalarini Konstitutsiyaga zid deb topdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Kaliforniya shtati San-Xose shahridagi AQSH okrug sudi sudyasi Noel Uayz Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik departamentini immigratsiya qonunchiligidan xorijliklarni bildirgan qarashlari uchun deportatsiya qilish maqsadida foydalangani uchun keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, hukumat va uning rahbarlarini tanqid qilish huquqini ham o‘z ichiga olgan so‘z erkinligi AQSH demokratiyasining kuchini ko‘rsatadi.
“Jamiyatimiz a’zolari – fuqarolar ham, fuqaro bo‘lmaganlar ham – o‘zlarini o‘zi senzura qilishga va “o‘zini to‘g‘ri tutishga” majbur bo‘lsa, aks holda hukumatning ta’qibiga duch kelishidan qo‘rqsa, bu kuch zaiflashadi”, degan Uayz.
Sud qarori Tramp ma’muriyati 2025 yil mart oyidan universitetlarda falastinparvarlik faoliyati bilan shug‘ullangan xorijliklarning vizalarini bekor qilishi va ularni hibsga olishi bilan bog‘liq ishni qamrab olgan.
Ishga Stenford universitetining talabalar gazetasi “The Stanford Daily” tomonidan berilgan da’vo asos bo‘lgan. Sudya gazeta tomonining falastinparvar namoyishlar va Yaqin Sharqdagi mojaroni yoritgan talabalarning Konstitutsiya bilan himoyalangan so‘z erkinligi buzilgani haqidagi dalillariga qo‘shilgan.
Uayzning aytishicha, xorijlikning so‘zlari uning vizasini bekor qilish va deportatsiya qilishga sabab bo‘lsa, hukumat uning qarashlari yoki nutqi mazmuni tufayli nishonga olgan hisoblanadi.
Uayzning qarori Bostonlik federal sudya Uilyam Yangning o‘tgan yilgi shunga o‘xshash qaroridan keyin qabul qilingan. Uayz ma’muriyat nomuvofiq qarashlarni bildirgan boshqa shaxslarni ham ta’qib qilishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
“Bu pastga qarab borayotgan spiral erkin fikr bildirish huquqimizni tan oladigan Konstitutsiyamizga zid”, deb yozgan sudya.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust