AQSHdan alamzada Lavrov O‘zbekistonda “dardini doston qildi”
Tahlil
−
19 aprel 2023
2076113-14 aprel kunlari Samarqand shahri bir qator yirik xalqaro tadbirlar uchun yana maydon vazifasini o‘tab berdi. Ayni shu kunlari Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining tor va kengaytirilgan shakldagi yig‘ilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov, Armaniston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan, Belarus Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik, Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xalaf Xalafov va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xojiyev, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev hamda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etdi.
Dastavval, 13 aprel kuni Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ochib berdi.
“Afg‘onistondagi vaziyat biz uchun – qo‘shni davlatlar uchun juda muhimdir, chunki barqaror yoki beqaror Afg‘oniston bizga bevosita ta’sir qiladi. Biroq ba’zi mintaqadan tashqari davlatlar mavjud bo‘lib, ular bu mamlakatga qarshi ko‘p yillik xafagarchilik va tajovuzlarga qaramay, afg‘on xalqiga ko‘plab zarar va azoblarni keltirib chiqarmoqda, hanuzgacha bu mamlakatga ochko‘zlik bilan mintaqaviy mamlakatlarga nisbatan noqonuniy maqsadlarini ilgari surish vositasi sifatida qaraydi. Afg‘onistondan uzoqlashayotgan ushbu mintaqadan tashqaridagi kuchlar ushbu mamlakatda o‘nlab yillar davom etgan vayronagarchilik uchun javobgarlikni o‘z zimmalariga olishlari va buning o‘rnini qoplashlari kerak. Afg‘oniston geografiyasidan mintaqaviy mamlakatlarga qarshi vosita sifatida foydalanib bo‘lmaydi”, dedi u nutqi avvalida.
Tadbirlar garchi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tsada, uning tafsilotlari ko‘proq xalqaro maydonda muhokama qilindi. Bunga sabab esa Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bayonotlari bo‘lib, mazkur yig‘ilishlar Putinning ishonchli odamiga AQSHga qaratilgan tanqidlarni aytib olish uchun qulay imkoniyat yaratib berdi.
Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumini oqlash uchun.
“Asosiy e’tibor xalqaro vaziyatga qaratildi. G‘arb tomonidan global hukmronlik uchun olib borilgan gibrid urush misli ko‘rilmagan darajada og‘irlashdi va ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirishda ob’ektiv jarayonlarning oldini olishga harakat qildi. Ushbu maqsadlar uchun Ukraina rejimi faol ravishda qo‘llanilib kelindi, u ko‘p yillar davomida Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga qilingan harbiy tahdidlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘prik vazifasini bajarib kelgan. Ular ruslarning hammasini yo‘q qilishni niyat qilgan va buni Ukrainada rus va rus tilida so‘zlashuvchi aholiga zulm qilishdan boshladi.
Ukraina raqamlari ochiq gapirishdan uyalmaydi. Ukraina Prezidentining maslahatchisi Mixail Podolyakga ishonadigan bo‘lsak, kecha u Zelenskiy va uning konseptual tamoyillarini bayon qilib, Ukraina Qrimni egallab olganda, u rus, rus madaniyati va u yerdagi barcha ruslarni yo‘q qilishini va faqat Ukraina yoki global madaniyat bo‘lishi mumkinligini aytdi. U Ukrainaning sobiq sharqiy mintaqalari aholisini “yo‘q qilinishi va qamoqqa olinishi kerak bo‘lgan banditlar” deb atadi”, dedi u MDH vazirlar kengashining yig‘ilishi do‘stlar o‘rtasida bo‘lgani kabi ishbilarmonlik va ishonch muhitida o‘tganini ta’kidlab.
Shuni ta’kidlash kerakki, Lavrovning O‘zbekistonda aytgan bu gaplari shu yilning 28 fevral kuni Toshkentga kelgan AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning bayonotiga nisbatan bildirilgan javobga o‘xshaydi. Chunki o‘shanda Blinken jurnalistlarning Rossiya-Ukraina urushi haqidagi savollariga javoban, AQSH har bir mamlakatning huquqiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini aytgan edi.
“Rossiya bu operatsiyani qayta takrorlashi mumkin emasligiga ishonch bormi? Bir, ikki yoki uch yil o‘tgach, u dam oladi, qayta qurollanadi va yana hujum qiladi”, degan edi Entoni Blinken 28 fevral kuni matbuot anjumanida.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri esa AQSHni BMTning nizomlaridan o‘ziga kerak bo‘lgan shaklda foydalanayotgani bilan aybladi va MDH mamalakatlari o‘zi bilan hamfikr ekanini qo‘shimcha qildi.
“Biz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorkorlikni istiqbolli deb bilamiz. Ular biz hammamiz joylashgan ulkan Yevroosiyo qit’asi mamlakatlarining tabiiy ehtiyojlariga tayanadi va jahon iqtisodiyoti faoliyat ko‘rsatadigan yangi poydevorlarni shakllantirishda siyosiy jarayonlarga ta’sir qiladigan jiddiy raqobatdosh ustunliklarni yaratadi. Siyosiy jihatlarga ko‘ra, ular bizning G‘arbdagi hamkasblarimiz singari BMT nizomiga tanlab murojaat qilmasdan, ushbu hujjat to‘la-to‘kis hurmat qilinishini qat’iy qo‘llab-quvvatladilar. Kosovoni mustaqil qilishlari kerak bo‘lganda, ular xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’kidlaydilaru, dunyoning boshqa mintaqalari uchun bunday huquqni rad etish kerak bo‘lganda, ular hududiy yaxlitlikka mutlaq variant sifatida murojaat qiladilar, bunga alternativ yo‘q”, deya izoh berdi Rossiya diplomati.
Gap urush haqida ketar ekan, agar esingizda bo‘lsa, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg gubernatorligi harbiy xizmatga muhojirlarni ham jalb qilish uchun hujjat imzolagani haqida xabar qilgan edik va bu mavzuni migratsiya bo‘yicha mutaxassis Botirjon Shermuhammad bilan muhokama qilgandik ham. O‘zbekiston ham o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda fuqarolarini urushga jalb etmaslikni Rossiyadan so‘raydi, yoki buni talab qiladi, degan umidimiz bor edi. Lekin Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchta yirik xalqaro tadbirlar ochiq davra suhbatlarining birortasida ham O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovdan Ukrainadagi mojaroga muhojirlarni aralashtirmaslikni, urushda o‘zbek migrantlaridan foydanmaslikni talab qilib bir og‘iz ham gapirgani yo‘q. Markaziy Osiyoning boshqa vakillari ham bu haqda churq etmadi. Harqalay, bu haqda yopiq eshiklar ortida gaplashilgan bo‘lgan taqdirda ham muzokara natijalari e’lon qilinmadi.
Bu yoqda esa Rus hukumati allaqachon harbiy xizmatga jalb qilish qulay bo‘lishi uchun o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq tillaridagi, xullas, migrantlar tushunadigan barcha tillardagi varaqalarni tarqatmoqda. Muhojirlarga turli takliflar bermoqda, Rossiya fuqaroligini berishni va’da qilmoqda.
Shuncha targ‘ibotlarga qarshi esa O‘zbekiston hukumati fuqarolarini ogohlantirishdan nariga o‘tgani yo‘q.
Bu hali hammasi emas. Lavrov MDH vazirlar kengashining yig‘ilishida Xalqaro rus tili tashkilotini tuzish, uning nizomini ishlab chiqish haqida gapirdi.
“Madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibimizdan keng o‘rin oldi. Xalqaro rus tili tashkiloti nizomini uyg‘unlashtirishni yakunlash bo‘yicha keyingi ishlarni hamma qo‘llab-quvvatladi. Bu Qozog‘iston Prezidenti Q.J.To‘qayev tashabbusi bo‘lib, o‘tgan yilgi MDH sammitida tegishli konsepsiya shaklida ma’qullangan. Hozir qonun hujjatlarini tayyorlayapmiz. Prezident To‘qayev taklif qilganidek, bu tashkilot MDH tashabbusi bilan tashkil etiladi va istisnosiz istalgan qit’aning barcha davlatlari uchun ochiq bo‘ladi”, dedi Lavrov faxr bilan.
Qolaversa, Putinning odami O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya gaz ittifoqi bo‘yicha muhokamalar oldinga siljiganini ham aytishni unutmadi. U Markaziy Osiyo-Rossiya formatidagi uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar bilan mutbuot anjumani o‘tkazdi va savollarga javob berdi.
“Vazirlar Kengashi doirasida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston gaz ittifoqi masalasi muhokama qilindimi? Ushbu masalani muhokama qilish qaysi bosqichda? Qanday ish qilish kerak? Har bir tomon qanday imtiyozlarga ega bo‘ladi?” degan savol bilan Lavrovga yuzlandi jurnalistlardan biri.
“Bu masala muhokama qilinmadi. Hamdo‘stlikka hech qanday aloqasi yo‘q. Energetika xavfsizligini, albatta, mustahkamlaydigan ushbu keng ko‘lamli loyihani muhokama qilishda uch davlat (Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston), jumladan, prezidentlar darajasida faol ilgarilab bordi. Foyda hamma uchun bo‘ladi. Chunki gaz yetkazib beruvchilar va bunga qiziquvchilar bor. Tomonlar tranzit shartlari, narxlar va hamma narsa hamma uchun mos bo‘lsa, hamma yutadi”, deya javob qaytardi Rossiya Tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH davlat kotibi Blinken O‘zbekistonni Rossiyaning energetika sirtmog‘iga tushishdan ogohlantirgan edi.
Lavrov Afg‘oniston masalasida o‘z fikrini bildirar ekan, Oq uyni Afg‘onistondagi terrorchilik harakatlarini “rag‘batlantirish”da ayblab, qachonlardir ular boshchiligidagi koalitsiya Afg‘onistondan “qochib ketgani”ni aytdi. Qolaversa, Lavrov Rossiya “Tolibon”ni tan oladimi, yo‘qmi – mana shu savolga ham javob berdi.
“Birinchidan, terrorchilik tahdidi kuchayib borayotgani sababli mavqei zaiflashganiga qaramay, mamlakat ustidan hokimiyat va nazoratni saqlab qolgan “Tolibon” hukumati bilan aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish zarurligi haqida deyarli barchamiz bir ovozdan fikr bildiramiz. Bu nazorat jiddiy ahamiyat kasb etmoqda, chunki terrorchilar (nafaqat ISHID, balki boshqa tashkilotlar ham) bosh ko‘tarmoqda. Ayrim g‘arblik “hamkasblarimiz”ning terrorchilik harakatlarini “rag‘batlantirish”da qo‘li bor, deyishga asoslar bor.
Ikkinchidan, “Tolibon” – bu haqiqat. Lekin buni Afg‘onistonda hamma ham sezmaydi. Avvalo, siyosiy kuchlardan faqat bittasi – “Tolibon” harakati vakili bo‘lgan ushbu mamlakat hukumatining noinklyuziv tarkibi nuqtai nazaridan. “Tolibon” ularning hukumatida o‘zbeklar, tojiklar va hazoralar borligini aytadi. Ammo hukumatni tashkil etuvchi bu etnik guruhlar vakillari siyosiy jihatdan hamon “Tolibon”.
Qo‘shma Shtatlar va ular boshchiligidagi koalitsiya “qochib ketganidan” keyin “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganida, ular o‘zlarining ijtimoiy bazasini kengaytirishga va’da berishdi. Jumladan, boshqaruv tuzilmalariga boshqa siyosiy kuchlarni kiritish orqali. Bu ularning ixtiyoriy majburiyatlari, shuningdek, terrorizm va giyohvand moddalar savdosini yo‘q qilish va’dasi edi. Bu yo‘nalishda nimadir qilinmoqda. Ammo inklyuziv hukumatni yaratish nuqtai nazaridan (nafaqat etnik, balki siyosiy jihatlarni ham hisobga olgan holda) hali ko‘p yo‘l bor.
Biz barchamiz bir ovozdan “Tolibon”ni bir necha yillardan beri kun tartibida turgan va xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortayotgan ushbu masalalarni hal qilishga chaqirdik. BMT doirasida. Bu nafaqat de-fakto “Tolibon” rahbariyatini, balki Afg‘onistonning yangi hukumatini de-yure rasman tan olish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Bu masalalarni tezroq hal etish uchun ayollar va qizlarning saylov va ta’lim huquqlari muammosini hal etish ham prinsipial ahamiyatga ega”, dedi Sergey Lavrov.
Yaqin haftalarda Yevropa Ittifoqi nafaqat Rossiyaga, balki Rossiya Federatsiyasiga sanksiyalangan tovarlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi davlatlarga qarshi qaratilgan o‘n birinchi sanksiyalar paketini joriy qilishi kutilmoqda. Shu boisdan 28 mart kuni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Qirg‘izistonga kelib, Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiya sanksiyalari ta’siriga tushib qolishdan ogohlantirib ketgan edi. Yaqin kunlar ichida Sallivan mintaqaning yana ikki davlatiga kelishi kutilmoqda. Xo‘sh, agar sanksiyalar paketi Markaziy Osiyo mamlakatlariining iqtisodiga ta’sir qilsa, Moskva MDH mamlakatlaridan qanday munosabat kutadi?
“Bu mavzu alohida muhokama qilinmagan. Ammo suhbatlarda siz qisman tilga olgan voqealarga o‘z baholarimizni berib o‘tdik. Bizning umumiy fikrimiz shuki, G‘arb vakillarining (bu yerga Yevropa Ittifoqi delegatlaridan tashqari amerikaliklar ham keladi, sanksiyalar masalasiga “mas’ul”) “takabburligi” barcha chegaralardan oshib ketdi. Bu shunday bosim va tahdidlarga uchragan mamlakatlarning avtonomiyasi va mustaqilligiga mutlaqo hurmatsizlik sifatida qabul qilinadi.
MDH davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha qarorlar tayyorlanmoqda. Ular joriy yilning 8 iyun kuni Sochida Hukumat rahbarlari kengashiga taqdim etiladi. Xizmatlarning erkin savdosi to‘g‘risidagi bitimni imzolash bo‘yicha kelishuvlar shular jumlasidandir. Bu iqtisodiy sohadagi hamkorligimizga muhim turtki beradi. Qarorlar orasida G‘arb yaratayotgan, uning barcha pozitsiyalariga putur yetkazayotgan “qonunsizlik”dan umumiy texnologik mustaqilligimizni oshirishga bag‘ishlangan qator loyihalar bo‘ladi. Dunyo mamlakatlari global moliya sohasida Amerika rahbariyati va uning yo‘ldoshlari jahon iqtisodiyotidagi o‘z mavqeini, jumladan, noadekvat va qo‘pol ravishda suiiste’mol qilayotganini tushunib turibdi”, deya javob berdi u.
Bu nimani anglatadi? MDH mamlakatlari, xususan, Markaziy Osiyo ham Rossiyaning sanksiyalar botqog‘iga birga tushib, undan chiqish uchun hamkorlik qilishga tayyorlanyaptimi?
“Braziliya Prezidenti Lula da Silva Pekinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSH dollaridan voz kechishga va o‘zaro savdoda o‘z valyutalariga ko‘proq tayanishga chaqirdi. Bu tendensiya qaytarib bo‘lmaydigan. Amerikaliklar dollarning hukmron rolidan foydalanib, xalqaro moliya va butun jahon iqtisodiyotini boshqarib, o‘zlari o‘tirgan shoxni jiddiy tarzda kesib tashladilar. Undan endi “parvoz” boshlanadi. Hali juda tez emas, lekin tezlashadi.
Har doim sanksiyalar hech qayerga olib boradigan yo‘l emasligi aytilgan. G‘arb davlatlari o‘z pozitsiyalari bilan “maqtanishdi” va uni reklama qilishdi, globallashuv poydevoriga o‘zlari qo‘ygan tamoyillar asosida ishlashga chaqirishdi. Endi ular o‘zlarining geosiyosiy o‘yinlari va har qanday holatda ham gegemonlikni saqlab qolishga urinishlari uchun bu tamoyillarni qo‘pol ravishda buzmoqchi. Jiddiy davlatlar va siyosatchilar tegishli xulosalar chiqaradilar. Ular esa G‘arbga qaramlikni tugatish va mamlakatlarga (normal, o‘z mustaqilligi va hamkorlarini hurmat qilgan holda) o‘z iqtisodlarini rivojlantirish va o‘z manfaatlariga muvofiq yashash imkonini beradigan mexanizmlarni ishlab chiqish tarafdori”, deya javob berdi Rossiya TIV rahbari.
Shu tariqa Lavrov g‘arblik hamkasblarning MDH davlatlariga rasmiy tashriflarini beadablik deb baholadi.
“Men tashriflar takabburlik deb aytmadim. Ularning bu tashriflar chog‘ida o‘z xohish-irodasiga bo‘ysunishni talab qilib, suverenitet va hududiy yaxlitlikka bo‘lgan elementar hurmatni qo‘pol ravishda buzishi beadablikdir”, deya ta’kidladi u.
Matbuot anjumani so‘nggida jurnalistlar yana Ukraina mavzusiga to‘xtaldi va Rossiya tinchlik uchun muzokaralar stoliga o‘tiradimi-yo‘qmi degan savol bilan yuzlandi. Lavrovning javobi esa aniq – “Yo‘q!” Harqalay, hozircha muzokaralar stoliga o‘tirmoqchi emas.
“Ular xuddi shunday deyishadi: hozir muzokaralar vaqti emas. Ukraina “jang maydonida g‘alaba qozonishi kerak”, Rossiya “jang maydonida strategik mag‘lubiyatga uchrashi kerak”. Va shundan keyingina muzokaralar uchun sharoitlar “pishadi”.
2022 yil sentyabr oyida Vladimir Zelenskiy Ukraina hukumatidan hech kimga Rossiya Federatsiyasi rahbariyati bilan muzokara olib borishni taqiqlovchi farmonni imzolaganidan jurnalist sifatida xabaringiz bordir. Bizdan Rossiya muzokaralarga qachon tayyor bo‘ladi, deb so‘rashda davom etayotgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarida bu savollarni ko‘tarayotgan odamlarning hurmatiga sazovor emas”, deb bunday pozitsiya aslida Ukrainadan boshlanganini gapirdi Rossiya vakili.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyaning g‘alabasi G‘arb hukmronligiga ekzistensial xavf tug‘dirishini bir necha bor aytgan. Polsha Bosh vaziri M.Moravetski yaqinda Rossiya g‘alaba qozonsa, bu G‘arb uchun ko‘p o‘n yillar davomida falokat bo‘lishini aytib chiqqan. AQSH Davlat kotibi ham o‘zining Toshkentdagi tashrifida agar Rossiya urushda g‘alaba qozonsa, bu amaliyot, ya’ni urush amaliyoti Markaziy Osiyoda ham takrorlanishi mumkinligini aytgan edi. Uning gaplariga isbot tariqasida rus siyosatchilari o‘qtin-o‘qtin Rossiyaning MO davlatlarini bosib olish, SSSRni qayta tiklash niyati borligi haqida gap ochib qoladi.
“G‘arb hozirgi vaziyat haqida o‘ylayotgani ko‘rinib turibdi. Ukraina iste’mol qilinadigan material sifatida ishlatiladi. G‘arbning maqsadi – dunyo tartibida hukmronlik qilish da’vosiga biron bir hodisaning shubha tug‘dirishiga yo‘l qo‘ymaslik. Hammasi juda oddiy. Ayrimlarning ongi esa Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni qayta boshlash bilan chegaralanib qolgan. Biz dastlab bunday muzokaralarni 2022 yilning mart oyida o‘tkazgan edik. Ukraina ortga chekindi, chunki amerikaliklar ularga hozir vaqt emas, kurashni davom eting, deb aytdi. Ular vaziyatni hal qilishga yordam bermoqchi emas, chunki bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro emas. Bu ko‘p qutbli, ko‘p markazli dunyo tartibini yaratishga yo‘l qo‘ymaslik uchun, hukmronlik uchun G‘arbning geosiyosiy kurashidir. Oldinda bizni juda ko‘p qiziqarli o‘zgarishlar kutib turibdi. Voqealarni kuzatib boring”, dedi Lavrov.
Xo‘sh, MO davlatlarini bir joyga jamlagan mazkur yig‘ilishlar O‘zbekistonga, qo‘shni mamlakatlarga nima berdi. Qandaydir muhim kelishuvlarga erishildimi?
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotlarga ko‘ra, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar Hukumatlar rahbarlari kengashi va Davlatlar rahbarlari kengashi tomonidan ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar, shu jumladan, Samarqand shahrini 2024 yilda Hamdo‘stlikning madaniyat poytaxti, Toshkent shahrini esa MDHning Yoshlar poytaxti deb e’lon qilish bo‘yicha hujjatlari loyihalari ko‘rib chiqilgan va tasdiqlangan.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2023 yil oktyabr oyida Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan.
Ko‘ramiz, Qirg‘izistonda nimalar haqida gaplashiladi? Rossiya Tashqi ishlar vaziri bu safar qanday gaplarni gapiradi? Hech bo‘lmasa, Qirg‘izistonda urushda markaziy osiyoliklardan foydalanmaslik, ularni urushga jalb etmaslik haqida ovoz chiqarib gapirishga botinadiganlar topilarmikan? QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting. Bu savollarga albatta javob olasiz.