Ilhom Aliyev ko‘pchilik nomidan SHKTRning tan olinishiga va’da berib yubordi
Olam
−
16 aprel 10743 4 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Shimoliy Kipr Turk Respublikasining xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minlashga va’da berdi. Bu haqda u 9 aprel kuni Bakudagi ADA universitetida “Yangi dunyo tartibi sari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro forumda so‘zlagan.
Aliyev Turkiyadan boshqa hech bir mamlakat tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotida (TDT) kuzatuvchi maqomini olishda uning hukumati faol rol o‘ynaganini ta’kidladi.
“Biz Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishi uchun faol kurash olib borayotgan davlatlar qatoridamiz. Shushada bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitda Prezident Ersin Tatar ishtirok etdi. Bu yig‘ilishda Shimoliy Kipr bayrog‘i hilpirab turdi. Biz har doim birodarlarimizning tarafidamiz: ularga o‘z davlatini himoya qilishda yordam beramiz”, degan Ozarbayjon rahbari.
Ozarbayjon rahbari Kipr tarixi haqida gapirar ekan, 2004 yilda Kiprni birlashtirishga olib kelishi kerak bo‘lgan Annan rejasi bo‘yicha referendumda kiprlik turklarning ko‘pchiligi “ma’qul”, kiprlik yunonlarning aksariyati “qarshi” ovoz berganini ta’kidladi.
“Biz birodarlarimiz bilan doim yaqinmiz. Siyosatimiz doimo aniq bo‘lib kelgan. Bu masala bo‘yicha boshqa kun tartibimiz yo‘q. Biz faqat birodarlarimiz davlatini saqlab qolishlari uchun qanday yordam berishimiz haqida o‘ylaymiz. Ular tarix va o‘z harakatlari bilan bunga loyiq bo‘lgan”, deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari.
Shuningdek, u Kipr Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi ikki tomonlama standartlar va adolatsiz yondashuv namunasi ekanligini ta’kidlagan.
“Qarang, nima bo‘ldi? Yunon Kipri Yevropa Ittifoqiga qabul qilindi. Bu adolatdanmi? Ya’ni, bu ikki tomonlama standartlarning yaqqol namunasi edi va siyosatchilar bu haqda gapirishni istamaydi. Ya’ni, ular bosh og‘rig‘ini xohlamaydi, chunki ular bu haqda gapirsa, boshqa noxush muammolarga duch kelishlari mumkin. Shuning uchun men Shimoliy Kiprdagi birodarlarimizni ishontirib aytmoqchimanki, biz ularning mamlakati mustaqil davlat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi uchun doimo ular bilan birga bo‘lamiz”, degan u.
Shimoliy Kipr Kipr orolining yarmini egallaydi. 1974 yildan buyon uning mustaqilligini faqat Turkiya tan oldi. Kipr Respublikasi esa BMTning xalqaro miqyosda tan olingan a’zosi bo‘lib, 2004 yildan beri YeI a’zosi hisoblanadi. O‘tgan yilning oxirida Ozarbayjonda Kipr Respublikasining rasmiy pozitsiyasiga o‘tish kuzatildi. Prezident Nikos Xristodulidning 2024 yil noyabr oyida Bakuga tashrifi chog‘ida olib borilgan ijobiy muzokaralar shundan dalolat beradi. Keyin 2024 yil dekabr oyida Eronning Mashhad shahrida Kipr va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari Konstantinos Kombos va Jayhun Bayramov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Biroq Aliyevning bu boradagi hozirgi izohlari Bakuning pozitsiyasi o‘zgarganini ko‘rsatadi.
Qayd etish joiz, joriy yilning 3-4 aprel kunlari Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandida aytilishicha, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.
“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik — bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi”, deyilgan bayonotning aynan 4-bandida.
541 va 550 rezolyutsiyalar esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik, ular bilan hamkorlik qilmaslikni anglatadi.
Aliyevning yuqoridagi bayonoti ham “Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingandan so‘ng yangradi.
Hozirda SHKTR Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. U ushbu maqomdan tashkilotning besh a’zo davlati tomonidan parlament ratifikatsiyasisiz foydalanmoqda. Shuni alohida aytish o‘rinliki, ikki tashkilotda ham kuzatuvchi maqomini O‘zbekiston raisligida o‘tgan sammitlarda olgan.
Live
Barchasi