AQSHdagi bankda odamlarni garovga olgan erkak otib o‘ldirildi (video)
Olam
−
10:04 2776 1 daqiqa
AQSHning Kaliforniya shtatida 10 kishini garovda ushlab turgan qurolli shaxs 15 soatdan ortiq davom etgan maxsus operatsiya yakunida yo‘q qilindi. Bu haqda mahalliy “Bakersfield Now” nashri xabar berdi.
Hodisa Beykersfild shahrida yuz bergan. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, 41 yoshli Entoni Skott Sirlz-Xarris 2 iyul kuni binoda portlash tahdidi haqida xabar berilganidan so‘ng ikkinchi qavatga berkinib olgan va bir necha kishini garovga olgan.
Ma’lum qilinishicha, hujumchi o‘ziga va ayrim garovdagilarga portlovchi qurilmalar o‘rnatgan. U 3 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:20 atrofida Federal qidiruv byurosi (FQB) xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan.
FQBning Sakramento bo‘limi rahbari Sid Patelning aytishicha, hujumchi huquq-tartibot organlariga avvaldan tanish bo‘lgan va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarda qurol ishlatgani uchun jinoiy tarixga ega edi.
Garovga olinganlar orasida Kern okrugi ta’lim boshqarmasi xodimlari ham bo‘lgan. Rasmiylarga ko‘ra, barcha 10 nafar garovdagi shaxs ozod qilingan va ularga tan jarohati yetmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan binoda bank filiali ham joylashgan. Hozirda hujumchining harakatlariga nima sabab bo‘lgani yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Live
Barchasi