AQSHda zavod portladi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

AQSHning Tennessi shtatidagi portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi Accurate Energetic Systems (AES) zavodida kecha, 10 oktyabr kuni kuchli portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, bir necha kishi halok bo‘lgan, kamida 18 kishi bedarak yo‘qolgan, yana to‘rt kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Xamfris okrugi sherifi Kris Devis matbuot anjumanida “bir necha odam halok bo‘lganini” tasdiqlagan, ammo aniq sonni oshkor etmagan. OAVning ta’kidlashicha, halok bo‘lganlar soni bir necha emas, balki o‘ndan ortiq. 

AES zavodi Nashvill shahridan taxminan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Portlash joyiga qutqaruvchilar va muhandis-sapyorlar yetib borgan. Sherifning so‘zlariga ko‘ra, yangi portlash xavfi hanuz saqlanib qolmoqda. Portlash sababi hozircha noma’lum.

Ma’lumot uchun, 1980 yilda tashkil etilgan Accurate Energetic Systems kompaniyasi portlovchi moddalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, AES mahsulotlari mudofaa sanoati hamda fuqarolik sohalarida ishlatiladi.

“The Washington Post” nashrining yozishicha, AES AQSH Qurolli kuchlariga turli o‘q-dorilar, dinamit, piyodaga qarshi minalar va yirik kalibrli snaryadlar uchun porox yetkazib bergan.

Bu zavoddagi birinchi portlash emas – 2014 yilda ham AES korxonasida portlash bo‘lib, o‘shanda bir kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohat olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Balujiston shahrida ko‘chadagi portlash oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgandi. Hodisa “bomba o‘rnatilgan mashina” bilan bog‘liq bo‘lib, 32 kishi jarohat olgan. Ular shifoxonaga yotqizilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tennessi Accurate Energetic Systems Kris Devis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing