AQSHda yana bir samolyot halokatga uchradi

Olam

image

Kecha, 31 yanvar kuni AQSHning Filadelfiya shahrida ichida 6 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi. Bu haqda “6abc Philadelphia” nashri xabar berdi.

Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, aviahalokat mahalliy vaqt bilan taxminan 18:30 da sodir bo‘lgan. Samolyot Filadelfiyaning shimoliy-sharqiy aeroportidan havoga ko‘tarilib, Missuri shtatidagi Springfild-Branson aeroportiga yo‘l olgan. U ko‘tarilganidan 30 soniya o‘tib, radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan. O‘sha paytda havo kemasi 1600 fut (487 metr) balandlikda bo‘lgan.

Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi va Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) ushbu hodisa bo‘yicha tergov olib borilishini ma’lum qildi.

Halokatga uchragan samolyot bortida kamida olti kishi bo‘lgan. Ular orasida ikki uchuvchi, ikki shifokor, bemor va uning bir qarindoshi bo‘lgan. Ularning taqdiri haqida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.

“Action News” xabariga ko‘ra, samolyot qulagan hudud yaqin atrofidagi yana bir necha kishi turli xil kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Templ universiteti shifoxonasi “ABC News”ga halokatda jabrlangan olti nafar bemorni qabul qilganini aytgan, ammo ular samolyotda yoki yerda bo‘lgani aniq emas.

Shifoxona ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu bemorlarning uch nafari davolanib, uyiga ketishiga ruxsat berilgan va yana uch nafari qoniqarli holatda shifoxonaga yotqizilgan.

Mutaxassislar samolyot qulashining sabablarini hali aniqlamagan. Pensilvaniya shtati gubernatori Josh Shapiro o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida ushbu aviahalokat haqida xabardor ekanini va qutqaruvchilarga barcha zarur resurslar ajratilayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashingtonda yo‘lovchi samolyoti vertolyot bilan to‘qnashib, qulab tushgandi. Qulab tushgan samolyot bortida 60 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Keyinchalik kompaniya ekipaj tarkibida ham to‘rt kishi bo‘lganini ma’lum qilgan. Ularning barchasi halok bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga ta’ziya maktubi yo‘llagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh samolyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing