AQSHda vertolyot kema bilan to‘qnashdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
08 avgust 7176 1 daqiqa
Kecha, 7 avgust kuni AQSHda vertolyot Missisipi daryosidagi barja (dvigatelsiz kema) bilan to‘qnashib, portlash sodir bo‘ldi. Hozircha kamida ikki kishining halok bo‘lgani tasdiqlangan. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Illinoys va Missuri o‘rtasida sodir bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, vertolyot avval qulagan, so‘ng yonib ketgan. Halokatdan keyin voqea joyida osmonga ko‘tarilgan ulkan qora tutun ko‘ringan.
“Independent” xabariga ko‘ra, AQSH Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi vertolyot bortida ikki kishi bo‘lganini tasdiqlagan va ularning halok bo‘lgani rasmiy ravishda ma’lum qilingan. Fojia sabablari bo‘yicha tergov boshlangan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot barja bilan to‘qnashishdan avval elektr uzatish liniyasiga ham urilgan.
“Vertolyot elektr uzatish liniyasiga urildi va portladi. Unda uchuvchi va ishchi bor edi. Vertolyot portlab, quladi va barja bilan to‘qnashdi”, deydi guvoh Adam Briggs.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ganada harbiy vertolyot halokatga uchrab, sakkiz kishi, jumladan, Atrof-muhit, fan, texnologiya va innovatsiyalar vaziri, Shimoliy mintaqadagi Tamale markaziy saylov okrugi deputati Ibrohim Murtala Muhammad va Mudofaa vaziri Edvard Kofi Omane Boama vafot etgani xabar qilingandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr