AQSHda o‘zbekistonlik trak haydovchisi futbolchining o‘limiga sabab bo‘ldi (video)

3-sahifa

image

AQSHning Ogayo shtatida 42 yoshli o‘zbekistonlik yuk mashina haydovchisi Behzod Asrorov avtohalokat oqibatida kollej futbolchisi bo‘lgan 21 yoshli Tobias Forsaytning o‘limiga sabab bo‘lgan. Hodisadan so‘ng, u dalillarni yo‘q qilishga uringani aytilmoqda. Bu haqda “FoxNews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 5 iyul kuni Ogayo shtatining Madison okrugida 71-sonli avtomagistralda sodir bo‘lgan. Asrorov boshqaruvidagi yuk mashinasi Forsaytning Honda Accord avtomobilini orqa tomondan urib yuborgan. Kuchli zarba oqibatida 21 yoshli futbolchi voqea joyida halok bo‘lgan. Shundan so‘ng yuk mashinasi yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib ketib, yana bir yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, voqea joyiga yetib kelgan patrul xodimlari bilan muloqot qilishda Asrorov Google Translate dasturidan foydalangan. Manbalar uning ingliz tilini bilmasligini aytmoqda.

Tergov davomida haydovchi avtomobildagi videoregistratorni yechib tashlashga uringani, shuningdek, uchta mobil telefoni va elektron nazorat qurilmasini sindirib, dalillarni yo‘q qilishga harakat qilgani ham ma’lum bo‘lgan. Shu sababli unga dalillarni yo‘q qilish bilan bog‘liq og‘ir jinoyat bo‘yicha ham ayblov e’lon qilingan.

Behzod Asrorov AQSHga 2024-yilda grin-karta dasturi orqali kelgan. Oradan ko‘p o‘tmay, u ushbu shtatda tijorat yuk mashinalarini boshqarish huquqini beruvchi CDL haydovchilik guvohnomasini olgan

“Biz Asrorov kabi yo‘l belgilarini tushunmaydigan yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan ingliz tilida muloqot qila olmaydigan haydovchilarga AQSH magistrallarida 80 ming funt (qariyb 36 tonna) yuk tashuvchi avtomobillarni boshqarishga ruxsat bera olmaymiz. Tobiasning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiraman. Boshqa hech bir ota-ona bunday og‘ir judolikka duch kelmasligi uchun yo‘llardagi xavfli haydovchilarni chetlatish bo‘yicha kurashni to‘xtatmaymiz”, dedi AQSH transport vaziri Shon Daffi.

Halok bo‘lgan Tobias esa UMass Lowell universiteti futbol jamoasining darvozaboni edi. U jamoaga yaqinda qo‘shilgan bo‘lib, murabbiylar va jamoadoshlari uni tirishqoq, kamtar va o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan sportchi sifatida eslamoqda.

Voqeadan so‘ng AQSH Transport departamenti tijorat haydovchilarining ingliz tilini bilish darajasi va malaka talablariga rioya etilishi ustidan nazorat yanada kuchaytirilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida AQSHning Nyu-York shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik Amira Aminova halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing