AQSHda o‘zbekistonlik “gangsterlar” $4,5 millionlik tovar o‘g‘irladi

3-sahifa

image

O‘zini mafiya a’zolaridek tutishga urinib, AQSHning shimoli-sharqiy qismidagi omborxonalardan 4,5 million dollarlik qimmatbaho pishloqlar, sigaretalar va boshqa tovarlarni o‘g‘irlagan bir guruh o‘zbekistonliklar qo‘lga olindi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, guruhning ehtimoliy rahbari Murodullo Hasanov va uning yana yetti nafar sherigi keng ko‘lamli jinoiy til biriktirish va yirik miqdordagi o‘g‘irlik qilishda ayblanmoqda. Tergov davomida kamida oltita yuk o‘g‘irlash holati aniqlangan.
 
Prokurorlarning aytishicha, bu guruh an’anaviy mafiya usullari – qurol bilan bosqin qilish o‘rniga zamonaviy texnologiyalardan foydalangan. Ular kompyuter tizimlariga kirib, soxta hujjatlar tayyorlash orqali tovarlarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.


 
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan mahsulotlardan olingan daromad Hasanov va uning sheriklariga Bruklinning Brayton-Bich va Koni-Aylend hududlaridagi dengiz manzarasiga ega qimmat uylarda yashash, lyuks avtomobillar haydash va tungi klublarda katta miqdordagi naqd pullarni ishlatish imkonini bergan.

Qayd etilishicha, o‘g‘rilangan tovarlar orasida qariyb 11,3 tonna parmezan, pekorino va manchego pishloqlari ham bo‘lgan. Bular dunyodagi eng mashhur, uzoq muddat davomida yetishtiriladigan qattiq pishloq turlari (elita pishloqlari) hisoblanadi. Nashr bu sxemani mashhur “Gudfellas” filmidagi voqealarga o‘xshatgan.

“Bu yigitlar go‘yo barcha mafiya filmlarini ko‘rib chiqqan va Gollivuddagi amerikalik gangsterlarga taqlid qilgan. Bu – “Koza Nostra” uslubidagi amerikalik orzu”, degan huquq-tartibot organlaridan bo‘lgan bir manba.

Kecha, 3 iyun kuni ertalab politsiya Hasanovning Syorf-avenyudagi nufuzli ko‘p qavatli uyida reyd o‘tkazgan. Manbalarga ko‘ra, tergovchilar kvartiradan hujjatlar solingan qutilar, kompyuter va telefonlarni musodara qilgan. Keyinroq Hasanov, shuningdek, uning ehtimoliy sheriklari Nodir Qobilov va Aleksey Vorobyov sudga olib borilgan. Tergov materiallariga ko‘ra, guruh a’zolari Bayden ma’muriyati davrida AQSHga noqonuniy kirib borgan va ingliz tilini bilmaydi.

“Bu yigitlar inglizcha gapira olmaydi, ammo kino uchun tayyor qahramonlarga o‘xshaydi”, degan manbalardan biri.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 2025 yil oktyabridan 2026 yil apreligacha amalga oshirilgan oltita o‘g‘irlik ortidan quyidagi tovarlar qo‘lga kiritilgan:

  • 165 ming dollarlik qo‘y go‘shti;
  • 266 ming dollarlik mis;
  • 295 ming dollarlik mol go‘shti;
  • 432 ming dollarlik pishloq;
  • 3,3 million dollarlik sigareta.

Ayblovlarga ko‘ra, guruh noma’lum jinoiy sindikat bilan hamkorlik qilgan. Ular o‘zini qonuniy yuk tashuvchi kompaniyalar nomidan tanishtirib, yuk tashish tenderlarida g‘olib chiqqan. Sindikat muayyan yuklar haqidagi ma’lumotlarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan, Hasanov esa soxta hujjatlarni haydovchilarga yetkazgan. Haydovchilar Nyu-Jersi, Pensilvaniya va Virjiniya shtatlarida yukni qabul qilish nuqtalariga borib, o‘zlarini rasmiy tashuvchi sifatida ko‘rsatgan va tovarlarni olib ketgan.

“Eng tashvishli jihati shundaki, tovar egalari va qonuniy tashuvchi kompaniyalar bu voqealardan zarar yetkazilgandan keyingina xabar topgan”, deydi Manhetten prokurori Elvin Bregg.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan oziq-ovqat mahsulotlarining bir qismi “Costco” kabi yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan.

Bildirilishicha, o‘g‘irlangan tovarlar Nyu-York shahriga olib borilib, qora bozorda sotilgan yoki sotishga urinilgan. Ayniqsa, Tennessi shtatiga yuborilishi kerak bo‘lgan katta partiya sigaretalar Bronksdagi omborxonaga borib qolgan. Politsiya va Bronks prokuraturasi xodimlari aprel oyida tintuv o‘tkazib, ularni musodara qilgan.

Tergovchilar WhatsApp xabarlari, yuk tashish hujjatlari va fotosuratlar orqali dalillar zanjirini tiklab, uni Hasanov va uning guruhigacha olib borganini ma’lum qilgan.

Hujjatlarga ko‘ra, bir nechta ayblovchi suratlarda Hasanovning o‘g‘irlangan qo‘y go‘shtini o‘zining 2025 yilgi Range Rover mashinasiga yuklayotgani, Bruklindagi rangli metall parchalarini qabul qilish joyida o‘g‘irlangan misni sotish bo‘yicha savdolashayotgani va Bronksdagi o‘g‘irlangan sigaretlar bilan to‘ldirilgan omborxona tashqarisida turgani aks etgan.

Qobilov va Vorobyov suddagi ayblovni e’lon qilish jarayonida o‘zlarini aybdor deb tan olmagan va ularga nisbatan nazorat ostidagi ozodlik (tilxat bilan ochiqda qoldirish) ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Biroq prokurorlar, o‘z navbatida aybini tan olmagan Hasanovni 1,5 million dollar naqd pul garovi evaziga hibsda ushlab turish kerakligini talab qilgan.

Hasanovning advokati Maykl Stenli Mandel mijozining jinoiy muammolarini, jumladan, u firibgarlik uchun qidirilayotgan O‘zbekistondan berilgan Interpolning “qizil bildirishnomasi” borligini xaspo‘shlashga uringan.

Mandelning chiqishi u Hasanovni “oziq-ovqat savdosi sohasida ishlaydi” deb aytganida barbod bo‘lgan – bu gapdan so‘ng butun sud zali kulib yuborgan. Yakunda Hasanovni garov evaziga qo‘yib yuborish haqidagi ariza ko‘rib chiqiladigan 11 iyundagi sud majlisiga qadar panjara ortida saqlash to‘g‘risida qaror chiqarilgan.
 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Ohayo shtati Sinsinnati shahrida noqonuniy ko‘cha poygalari va avtomobil shoulari bilan bog‘liq reyd davomida 6 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olingan edi.
 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh o'zbekistonlik mafiya pishloq gangster

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing