AQSHda ko‘cha poygasida qatnashgan o‘zbekistonlik “shovvozlar” ushlandi (video)
3-sahifa
−
15:52 2997 2 daqiqa
AQSHning Ohayo shtati Sinsinnati shahrida noqonuniy ko‘cha poygalari va avtomobil shoulari bilan bog‘liq reyd davomida 6 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olindi. Bu haqda shaharning mahalliy WCPO nashri xabar berdi.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, voqea bugun, 3 iyun kuni yarim tunda “Peykor” stadioni hududida sodir bo‘lgan. Stadion xavfsizlik xizmati avtomobillar poygasi va xavfli manyovrlar amalga oshirilayotgani haqida politsiyaga murojaat qilgan. Hodisa joyiga yetib borgan huquq-tartibot organlari 6 kishini hibsga olgan. Sud hujjatlarida ularning barchasi o‘zbekistonliklar ekani qayd etilgan.
Jumladan, 28 yoshli Temur Nurmatov noqonuniy drag-poyga tashkil etish va xususiy hududga noqonuniy kirishda ayblanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, u kulrang Ford Mustang avtomobilida ko‘cha poygasini uyushtirgan hamda avtomobil g‘ildiraklarini aylantirib, asfalt yuzasida izlar qoldirgan. Sinsinnati politsiyasining dron bo‘linmasi Nurmatovni stadion hududida qariyb 30 daqiqa davomida kuzatgan.
Sud hujjatlarida yana 5 kishi – 19 yoshli Madina Esenova, 23 yoshli Bekdillo Hamidullayev, 21 yoshli Dilmurod Nurmatov, 28 yoshli Ahmadjon Valiyev va 23 yoshli Mumtozaxon Zaburova ham stadion hududiga noqonuniy kirganlikda ayblanayotgani qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, politsiya voqea joyidan 5 ta avtomobilni jarima maydonchasiga olib ketgan. Stadion darvozasi yaqinida avtomobillar tomonidan bajarilgan xavfli aylana harakatlar izlari ham aniqlangan.
Mazkur hodisa Sinsinnati shahar kengashida ham muhokamalarga sabab bo‘lgan. Hibsga olingan vaqtdan bir necha soat o‘tib, shaharning Jamoat xavfsizligi va hayot sifati qo‘mitasi noqonuniy ko‘cha poygalariga qarshi favqulodda qaror loyihasini bir ovozdan ma’qullagan.
Taklif qilinayotgan yangi qoidalarga ko‘ra, noqonuniy poygalarda qatnashgan shaxslar birinchi marta qoida buzgan taqdirda 1 250 dollar, takroriy holatda esa 2 500 dollar jarimaga tortiladi. Shuningdek, bunday tadbirlarda qatnashgan avtomobillar 6 oygacha musodara qilinishi mumkin. Shahar kengashi a’zolari ko‘cha poygalari jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgani, shuningdek politsiya resurslariga katta yuk bo‘layotganini ta’kidlagan. Favqulodda qaror loyihasi endi Sinsinnati shahar kengashining to‘liq tarkibi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar hujjat qabul qilinsa, u darhol kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-Jersi shtatida 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi oilaviy zo‘ravonlik va qurol bilan bog‘liq jinoyatlarda gumonlanib hibsga olingan edi.
Live
Barchasi