AQSHda tanasiga bomba bog‘lagan erkak bankdagilarni garovga oldi (video)
Olam
−
10:39 2710 2 daqiqa
Kecha, 2 iyun kuni AQSHning Kaliforniya shtatida Beykersfild shahri markazida tanasiga portlovchi moslama o‘rnatilgan erkak Chase bankining filialida bir necha odamni garovga oldi. Huquq-tartibot idoralari muzokaralar olib bormoqda va atrofdagi hududlar evakuatsiya qilinmoqda. Bu haqda “ABC News” xabar berdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi Beykersfildning biznes markazida, 17-ko‘cha va Chester-avenyu kesishmasida joylashgan bankning filialiga kirib kelgan va “Hamma yerga yotsin!” deb baqirgan.
Guvohlarning aytishicha, erkak bino ichida to‘sqinlik qilib o‘rnashib olgan va kamida bir nafar garovdagi shaxsni ushlab turibdi. Uning ko‘kragiga portlovchi qurilma mahkamlangan. Shuningdek, guvohlar jinoyatchi garovdagilarning oyoqlariga masofadan portlatish uchun sim bog‘laganini ham bildirgan.
Voqea joyida Beykersfild politsiyasining muzokarachi guruhlari ishlamoqda. Vaziyatni hal qilish jarayoniga AQSH Federal tergov byurosi, Ichki xavfsizlik departamenti hamda spirtli ichimliklar, tamaki, o‘qotar qurollar va portlovchi moddalar nazorati byurosi xodimlari jalb qilingan.
Federal tergovning maxsus muzokarachi guruhi Los-Anjelesdan yo‘lga chiqqan va bir soat ichida yetib kelishi kutilmoqda. Hozircha garovga olinganlar soni aniq emas, biroq politsiya ularning nisbatan xavfsiz holatda ekanini bildirmoqda.
Rasmiylar bank atrofidagi bir necha kvartalni majburiy evakuatsiya qildi va uch kvartal radiusida transport harakatini to‘liq to‘xtatgan.
Hukumat binolari yaqinligi sababli shahar meriyasi, mahalliy politsiya bosh qarorgohi ham yopildi, shahar arxivi esa to‘liq evakuatsiya qilingan.
JPMorgan Chase banki voqea yuzasidan bayonot berib, huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilinayotganini va asosiy e’tibor odamlar xavfsizligiga qaratilganini ma’lum qilgan.
Rasmiylar aholi va sayyohlardan markaziy hududdan uzoq turishni qat’iy tavsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi boshida Oq uyda otishma sodir bo‘lgan edi. O‘shanda hodisa 15-ko‘cha va Mustaqillik prospekti kesishmasida yuz bergandi. Bu joy Vashingtondagi monument hamda AQSH Kapitoliy binosi yaqinida joylashgan hudud hisoblanadi.
Live
Barchasi