AQSHda futbol maydoniga yuk mashinasi kirib ketishi oqibatida ikki kishi vafot etdi
Sport
−
12:11 340 1 daqiqa
AQSHning Kanzas shtatidagi Vichita shahrida futbol uchrashuvi vaqtida yuk mashinasi maydonga kirib ketishi oqibatida ikki kishi, jumladan, olti yoshli bola vafot etdi. Yana 11 kishi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda politsiya ma’lumotlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Hodisa kecha, 17 oktyabr kuni “Srayker Sport” majmuasida sodir bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlarning 10 nafari turli darajadagi tan jarohatlarini olgan, bir kishi esa boshqa tibbiy muammo sabab shifoxonaga olib ketilgan. Jarohatlar hayot uchun xavfli emasligi bildirilgan.
Huquq-tartibot idoralari ma’lum qilishicha, yuk mashinasini 34 yoshli ayol boshqargan. U hozirda politsiya nazoratida va tergov bilan hamkorlik qilmoqda. Hodisa qasddan sodir etilganmi yoki boshqa sabab bo‘lganmi – hozircha aniq emas. Politsiya voqea sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikaning Sinaloa shtatidagi qamoqxonada yuz bergan tartibsizlik oqibatida 10 kishi halok bo‘lgandi va yana 16 nafar mahbus jarohatlangandi.
Live
Barchasi