AQSHda erkak oilaviy nizo sabab 6 qarindoshini otib tashladi
Olam
−
02 iyun 2647 2 daqiqa
Amerikaning Ayova shtati, Maskatin shahrida sodir etilgan otishma oqibatida olti kishi halok bo‘ldi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu fojia oilaviy nizo fonida kelib chiqqan. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Qayd etilishicha, fojia bir vaqtning o‘zida bir nechta joyda sodir bo‘lgan va dastlabki taxminlarga ko‘ra, oilaviy mojaro bilan bog‘liq. Birinchi chaqiruv kecha, 1 iyun kuni taxminan tush paytida kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan favqulodda xizmat xodimlari uylarning biridan o‘qotar quroldan yetkazilgan jarohatlar tufayli halok bo‘lgan to‘rt kishining jasadini topgan. Ularning barchasi shifokorlar yetib borguniga qadar vafot etgan edi.
Huquq-tartibot idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, 52 yoshli Rayan Uillis Makfarland politsiya yetib borguniga qadar uyni tark etgan. Ko‘p o‘tmay, u Missisipi daryosi yaqinidagi so‘qmoqdan topilgan.
Politsiyachilar bilan suhbat davomida erkak o‘ziga qarata o‘q uzgan. Politsiya xodimlari va tibbiyot xodimlari unga yordam ko‘rsatishga uringan, biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Keyingi tergov harakatlari davomida yana ikki nafar qurbon aniqlangan. O‘qotar quroldan jarohat olgan erkaklarning jasadlari boshqa bir turarjoy binosidan hamda yaqin atrofda joylashgan biznes ob’ektidan topilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barchasi gumonlanuvchi qotilning qarindoshlari bo‘lgan. Qurbonlarning ism-shariflari va yoshi hozircha ochiqlanmayapti. Maskatin politsiya boshlig‘i Entoni Kis sodir bo‘lgan voqeani mahalliy hamjamiyatni larzaga solgan “yovuzlik akti” deb atagan.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi ilgari sudlangan bo‘lgan, biroq uning jinoiy o‘tmishiga oid tafsilotlar keltirilmagan. Politsiya shahar aholisi uchun endilikda hech qanday xavf yo‘qligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatidagi San-Diyego okrugidagi masjidga hujum uyushtirilgandi va oqibatda uch nafar erkak halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi